Terrorchilar SHHTga a’zo davlatlar chegaralariga tobora yaqinlashmoqda

Jamiyat

image
G‘arb MDH davlatlarida vaziyatni izdan chiqarmoqchi - FXX rahbari north_east

G‘arb MDH davlatlarida vaziyatni izdan chiqarmoqchi - FXX rahbari

“Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkiloti tarmoqlarga yoyilib harakatlanish tamoyiliga o‘tgan. Buning oqibatida dunyoning bir qator hududlarida, birinchi navbatda, Yaqin Sharq va Afg‘onistonda xavfsizlik sohasidagi vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘liq yangi tahdid va xatarlar yuzaga kelmoqda. Bu haqda joriy yilning 6-7 noyabr kunlari poytaxt Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining (SHHT MATT) “Terrorizmga qarshi kurash – chegara bilmas hamkorlik” mavzusidagi yettinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida aytildi. 

Anjumanda SHHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar, SHHT kotibiyati hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
 
Konferensiyada xalqaro terrorchilik tashkilotlari tug‘dirayotgan zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurash borasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasida ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashildi. Xalqaro terrorizm va ekstremizm har qanday shakl va ko‘rinishda tinchlik va xavfsizlikka tahdid uyg‘otayotgani haqida yakdil fikr bildirildi, deb yozmoqda O‘zA. 
 
Xalqaro terrorchilik tashkilotlarining qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning yangi turlarini, geolokatsiya va yo‘ldoshli aloqa vositalarini xarid qilish, terroristik faoliyatni amalga oshirish uchun uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar, sun’iy intellekt texnologiyalari va axborot-kommunikatsiya yutuqlaridan foydalanish borasidagi urinishlariga e’tibor qaratildi.
 
Afg‘oniston hududida o‘rnashib olgan xalqaro terrorchilik tashkilotlari vakillari SHHTga a’zo davlatlar chegaralariga tobora yaqinlashayotgani, shuningdek, o‘zlari kelib chiqqan mamlakatga qaytib, “uxlab yotgan” xatarli nuqtalarni qayta jonlantirayotgani tashvish uyg‘otmoqda.
 
Anjumanda bu kabi xatarlarni bartaraf etish maqsadida jangarilar oila a’zolarini kelib chiqqan davlatiga qaytarish va reabilitatsiya qilishni tashkil etish masalalari muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 noyabr kuni soat 3:23 da yuziga niqob taqqan 20 nafar qurollangan jangarilar Tojikistonning “Sultonobod” chegara otryadi harbiy qismiga qarashli 4-“Ishkobod” chegara punktiga qurolli hujum uyushtirildi. Qurolli to‘qnashuv natijasida ularning 15 nafari yo‘q qilingan, 5 nafari qo‘lga olingan. To‘qnashuv vaqtida Tojikiston IIV xodimi va bir askar ham halok bo‘lgan. Keyinroq, ushbu qurolli hujum ISHID terroristik guruhi jangarilari tomonidan amalga oshirilgani aytildi.

Ma’lumot o‘rnida, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tashabbusi bilan 2001 yilda tashkil etilgan edi. 2017 yilda SHHTga Hindiston va Pokiston a’zo bo‘ldi. Hozirgi vaqtda SHHTda kuzatuvchi davlatlar: Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.

Tashkilotning kotibiyati Pekinda, mintaqaviy aksilterrorchilik tuzilma Toshkentda tashkil etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

ShHT Aksilterror

Baholaganlar

317

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing