Termiz sobiq hokimi 11 yilga qamaldi
3-sahifa
−
27 iyul 2023
13341Avvalroq Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev va 17 amaldor sudlanayotgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 27 iyul kuni sobiq hokim Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan sudlanib, 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida Isroil Xudoyberdiyev va boshqalar (jami 18 nafar sudlanuvchi)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilingan.
Hukmga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi, 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi, 2-qismi “a” bandi, 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi, 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy muddatga davlat tashkilotlarida mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilish belgilangan.
Qolgan 17 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25,167, 167, 168, 184, 28,205, 205, 206, 28,209, 209 va 229-4-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga tegishliligi bo‘yicha jarima, 1 yil 9 oy 15 kundan 2 yil 3 oygacha axloq tuzatish ishlari va 3 yil 6 oydan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Asaka tumani sobiq hokimi Mansur Alixonovga nisbatan esa Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Qarshi shahri sobiq hokimi Jamshid Fozilov joriy yilning mart oyida 4 yilga qamalgan bo‘lsa, iyul oyining boshida Urganch shahri sobiq hokimi Shuhrat Abdullayev 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
LiveBarchasi