Xorazmda sobiq hokim 3 yilga qamaldi
Jamiyat
−
06 iyul 2023
9380Xorazm viloyati Urganch shahri sobiq hokimi Shuhrat Abdullayev 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 4 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida sudlanuvchi Shuhrat Abdullayevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugatilib, unga nisbatan sud hukmi e’lon qilingan.
Unga ko‘ra, Abdullayev Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi 2-qismi “a”, “b” (yer berish tartibini buzish) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. U davlat va davlat ishtirokidagi tashkilot hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan 2 yilga chetlatilgan va unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, Shuhrat Abdullayev 1967 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, 2018-2020 yillar mobaynida Urganch shahar hokimi bo‘lib ishlagan. Hozirda bu lavozimda Bog‘ot tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgan Oybek Xolboyev faoliyat olib bormoqda.