Rasman! Pro-liga vakili ligadan chetlashtirildi

Sport

−

image

Termizning “TerDu” klubi ketma-ket ikkita rasmiy uchrashuvda ishtirok etmagani sababli Pro-liga ishtirokchilari safidan chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston professional futbol ligasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 17 oktyabr kuni Ijroiya qo‘mitasi a’zolarining onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda qo‘mitaning yetti nafar a’zosi reglamentga muvofiq “TerDu” klubini musobaqadan chetlashtirish zarurligini ta’kidlagan. Yana bir a’zo esa jamoaga mavsum yakuniga qadar rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etish imkoniyatini berishni taklif qilgan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi raisi, Ijroiya qo‘mitasi a’zosi ham klubning futbolchilar oldidagi moliyaviy majburiyatlariga e’tibor qaratgan.

Ma’lum bo‘lishicha, futbolchilardan qarzdorlik mavjudligi sababli Assotsiatsiyaning tegishli qo‘mitasi Termiz klubiga nisbatan transfer taqiqini joriy etgan.

Muhokama davomida klubning keyingi rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etishi futbolchilar oldidagi qarzdorlikni bartaraf etish uchun yetarli asos bo‘la olmasligi qayd etilgan. Bunga klubning uy uchrashuvlarini Termiz shahrida o‘tkaza olmayotgani, shuningdek, chiptalar savdosi va qo‘shimcha homiylar orqali daromad olish imkoniyati mavjud emasligi sabab sifatida ko‘rsatilgan. Yakunda Ijroiya qo‘mitasi a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan “TerDu” klubini Pro-ligadan chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, O‘zbekiston U19 chempionati yakuniga bir tur qolgani va qayd etiladigan natijadan qat’i nazar “TerDu U19” jamoasining dastlabki to‘rtlikka kirish imkoniyati qolmagani inobatga olinib, 21 oktyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Xorazm U19” – “TerDu U19” uchrashuvi ham bekor qilingan.

Shuningdek, “TerDu” klubi Liga oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajargan taqdirda, kelasi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazish imkoniyati berilishi ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing