Amudaryo quriyaptimi? Vazirlik izoh berdi
Jamiyat
−
13:24 2792 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryo qurib borayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Amudaryoda suv oqimi saqlanib qolmoqda, ayrim ko‘rsatkichlardagi pasayish esa mavsumiy gidrologik jarayon hisoblanadi. Kecha, 9 oktyabr kungi holatga ko‘ra, Amudaryoning O‘zbekiston hududiga kirib keladigan qismidagi Termiz gidropostida suv sathi 239 santimetrni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 santimetr yuqori.
Shu bilan birga, Kerki gidropostida suv sarfi sekundiga 499 kub metrni tashkil qilmoqda. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan sekundiga 63 kub metrga kam.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Amudaryo havzasining yuqori qismida, Tojikiston hududida joylashgan Nurek suv omboriga sekundiga 408 kub metr suv kelib tushmoqda, undan esa sekundiga 320 kub metr suv chiqarilmoqda. Suv omboridagi suv hajmi 10 milliard 540 million kub metrga teng.
Bildirilishicha, sentyabr-oktyabr oylarida daryolarda suv sathi va sarfining pasayishi mavsumiy gidrologik jarayon hisoblanadi. Vegetatsiya mavsumi yakunlanishi munosabati bilan suv omborlarida keyingi mavsum ehtiyojlari uchun suv zaxiralari to‘planmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng yirik ichki suv havzasi hisoblangan Kaspiy dengizining suv sathi tobora pasayib borayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi