Qarshining sobiq hokimi 4 yilga qamaldi
3-sahifa
−
23 mart 2023
11360Qarshi shahar hokimi lavozimida ishlagan Jamshid Fozilov sud qarori bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Ayni vaqtda Fozilov sudga ushbu hukm yuzasidan apellyatsiya shikoyati kiritgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2023 yil 10 martdagi hukmi bilan Jamshid Fozilov (1972 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, 2016-2019 yillarda Qarshi shahar hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ga asosan 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ayni paytda sudlanuvchi Jamshid Fozilov tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilmoqda.
Avvalroq davlat manfaatlariga 60 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazishda gumonlanayotgan Qarshi shahar sobiq hokimi Jamshid Fozilovga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan qamoqqa olish tarzidagi iltimosnoma rad etilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi tanlangani haqida xabar bergan edik.