Tatyana Karimova qizi Gulnorani ko‘rishga ruxsat berilmayotganidan nolidi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova birinchi marta qamoqda saqlanayotgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani ko‘rishga ruxsat berilmayotgani haqida so‘z ochdi. U bu haqda Instagram’dagi sahifasida yozib qoldirgan. 

Avvaliga Tatyana Karimova bugun, 17 iyun kuni 25 yoshni qarshilagan nabirasi – Gulnora Karimovaning qizi Imonni tavallud kuni bilan tabriklagan. 

“Nevaram Imonni 25 yoshni qarshi olgani bilan tabriklayman. Baxt, farog‘at, mehr-muhabbat tilayman.

Lekin afsuski, bugungi go‘zal kun quvonchi to‘kis emas. 21-jazoni ijro etish koloniyasidagi qizim Gulnorani ko‘rishga ruxsat berilmadi…” deb yozgan Tatyana Karimova.

Bugungacha Tatyana Karimova to‘ng‘ich qizi haqida umuman gapirmagan. Islom Karimovning dafn marosimida ham na Gulnora Karimova va uning farzandlari ko‘rinish bergan. Gulnora Karimova esa 2013 yilda o‘ziga bir qator ayblovlar qo‘yilishi va unga oid tashkilotlar yopilishida onasini ayblab chiqqandi. 

Birinchi Prezident Islom Karimov bu hafta diqqat markazida turdi. Bu nafaqat uning qizlari, balki o‘g‘li bilan ham bog‘liq. Gap shundaki, Karimovning birinchi turmushidan o‘g‘li Pyotr Karimov meros masalasida Tatyana Karimovani sudga bergan. Sud majlis joriy yilning 26 iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Gulnora Karimova qayerda? 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova 2022 yilning 8 iyul kuni 50 yoshni qarshiladi. Uning o‘g‘li Islom Karimov Londonda istiqomat qilmoqda. U uylangan, bir nafar farzandi bor. Qizi Imon Karimova ham Londonda o‘qishni davom ettirmoqda va u ba’zan O‘zbekistonga kelib turadi. Imon Karimova buvisi Tatyana Akbarovna Karimova va xolasining qizi Maryam Tillyayeva bilan uzilib ketgan munosabatlarni tiklagan. 

Karimovlar oilasining kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekistonni tark etgan.  U AQSHdan turib Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat fondini yuritmoqda. Shuningdek, “The harmonist” attorlik mollari brendiga ham asos solgan. Birinchi Prezidentning bevasi Tatyana Karimova esa Toshkentda yolg‘iz istiqomat qilmoqda. U 26 avgust kuni 74 yoshni qarshilaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Tat'yana Karimova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing