Toshkentda yana fojia, otasiga “millat otasi” rutbasini bergan Lola Karimova, dahshatli, YTHga uchragan hokim, o‘zgarayotgan bojxona – Hafta tahlili

Tahlil

Reklama
0:00

Yana bir hafta, yana bir mavsum ortda qoldi. Kuz keldi. Daraxtlar barg to‘kadigan davr. Ammo, Toshkentda daraxtlar barg to‘kish o‘rniga, bor bo‘yi bilan mashinalar ustiga ag‘darilyapti. Yana qayerda? Markaziy ko‘chalarda. Hech shu muammoning yechimi topilmadi. To kimdir o‘lishi, o‘lgandayam biror chet ellik daraxt tagida qolib vafot etib, xorijiy matbuotda sazoyi qilinishimiz kerak chog‘i. Ungacha ko‘zimiz ochilmaydi. Ochilganda shu hafta Mirzo Ulug‘bek tumanida yo‘lda yurib ketayotgan avtomobillar ustiga daraxtlar ag‘darilmagan bo‘larmidi!? Qiziq-a? Yo‘lda yurishga ham qo‘rqib qoldi kishi. Bir yondan ustinga yangi ko‘prik ag‘darilsa, ikkinchi yondan daraxtlar bo‘y tashlab tursa. Uchinchi yondan yer ostida nimadir portlab, yo‘l ko‘chsa, mashinangga zarar yetsa, bu qanaqa shahar o‘zi? Gapiraman desang gap ko‘p.

Islom Karimov Prezident boshchiligida xotirlandi

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etganiga 10 yil to‘ldi. Sentyabr oyi an’anaga ko‘ra, Islom Karimovni xotirlashdan boshlandi. Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Prezident Administratsiyasi, Parlament va Hukumat a’zolari hamda poytaxt jamoatchiligi Islom Karimov faoliyat yuritgan Oqsaroy majmuasiga to‘plandi. Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning mamlakat mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.

Tadbirlarda Birinchi Prezidentning rafiqasi 78 yashar Tatyana Karimova ham ishtirok etdi. Ayni vaqtda oilaning boshqa a’zolari O‘zbekistonda istiqomat qilmaydi. Karimovning to‘ng‘ich qizi Lola bir necha yil avval AQSHga ko‘chib o‘tganini e’lon qilgandi, ammo u oxirgi  vaqtlarda Fransiyada ko‘rinish beryapti, turmush o‘rtog‘i Temur Tillayev bilan ham ajrashgan. Uning qizi Maryam Toshkentda yashayapti. 54 yoshni qarshilagan Gulnora Karimova esa hamon hibsda qolmoqda, uning farzandlari – o‘g‘li Islom va qizi Imon esa Londonda. Islom Karimovni xotirlash tadbirlarida ular hech qachon ko‘rinish bermagan, faqat bir marta – 2017 yil sentyabrda Lola Karimova va Gulnoraning qizi Imon Toshkentdagi tadbirda ishtirok etgan, xolos.

Lola Karimova garchi Toshkent, Samarqand va Qashqadaryodagi xotira tadbirlarida ishtirok etmagan bo‘lsa-da, har yili marhum prezident Karimovning tavallud kuni va vafot etgan sanalarida ijtimoiy tarmoq orqali u bilan bog‘liq xotiralarini bo‘lishib borishni kanda qilmaydi. O‘tgan yili agar O‘zbekiston Suriyaga aylanmagan bo‘lsa, bunda otasining alohida xizmatlari borligini aytishi orqali ta’na-dashnomlarga qolgan Lola Karimova bu safar marhumni xotirlarkan, u haqida iliq so‘zlar aytadiganlarga ko‘p duch kelishi, hatto, xorijda uni taniganlar otasi haqida yaxshi so‘zlar aytishini hikoya qilib, Islom Karimovga “millat otasi” rutbasini berdi.

“Otamni Millat otasi – yangi davlat, mustaqil O‘zbekistonni barpo etgan va unga asos solgan, uning suveren davlat sifatida shakllantirgan hamda kelajakda ravnaq topishi uchun zarur bo‘lgan davlat institutlarini yaratgan inson sifatida xotirasida saqlab kelayotgan barchaga o‘z tashakkurimni izhor etaman.

Men shunga guvohmanki, u kishi qaror qabul qilar ekanlar, ba’zan bu qarorlar nihoyatda og‘ir va murakkab bo‘lishiga qaramay, doimo kelajak avlodlar haqida, O‘zbekistonning kelajagi haqida o‘ylar edilar.

Xozirda ham men u kishining ruhi qayerdadir yaqinda, kuzatib turganini his qilaman”, deydi Lola Karimova.

Musayev ketdi. U suvdan quruq chiqdimi?

Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, Agentlikning Koreyadagi vakolatxonasi sobiq rahbari Aziz Toshtemirov, marmar go‘sht va jinsiy quvvatni oshiruvchi dori mashmashasi esingizdami? Behzod Musayev kuz mavsumidagi tebranishlarni o‘z iste’fosi bilan boshlab berdi. U bu lavozimga 2024 yilning sentyabrida tayinlanganini inobatga olsak, Musayev agentlik direktori kursisiga naq 2 yil egalik qildi. Badiiyroq tus bersak, Musayevning agentlikdagi quyoshi kuzda charaqlab, yana kuzda botdi.

Musayevdan bo‘shagan o‘rinni O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi lavozimida ishlagan Muxsinxo‘ja Abdurahmonov egalladi.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadovning Telegram-kanalida e’lon qilishicha, Musayevning iste’foga chiqarilishiga uning boshqa ishga o‘tayotgani sabab bo‘lgan. Biroq, 3 sentyabr kuni imzolangan Musayevning iste’foga chiqarilishi haqida imzolangan qarordan ikki kun o‘tib ham uning yana qaysi ishga o‘tkazilgani haqida ma’lumotlar ochiqlanmadi. Jamoatchilik vakillari, jurnalistlar va faollar esa Musayevning lavozimidan ozod etilganini bir tomondan olqishlasa, ikkinchi tomondan Azizbek Toshtemirovning unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlari bo‘yicha tekshiruv xulosalari ochiqlanib, uning aybsizligi isbotlanmagunicha, yangi lavozimga o‘tkazilishi xato bo‘lishini aytmoqda. Faollar bu haqda bong urarkan, Musayev Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlagan davrlarda mamlakatda “Dok-1 Maks” dorisi sababli 69 nafar bolaning vafot etgani va Musayev vazir o‘laroq javob bermaganini eslayapti.

Xo‘sh, o‘zi Migratsiya agentligi atrofida qanday gaplar bolalagan? Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruh Koreya davlatiga mehnat muhojiri sifatida ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion “sxema” yaratib, fuqarolardan rasmiy to‘lovlardan tashqari, firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollaridan, qariyb 90 mln AQSH dollari yiqqani haqida xabar bergan edi.

29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida ushbu ish bo‘yicha DXX sobiq mulozimlari – podpolkovnik Ganchar Uzoqov, podpolkovnik Alijon Ashurov, Timur Shariksiyev va Suxrob Sayfutdinov ustidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” va “b” bandlari, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-moddasi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) 1-qismi bo‘yicha sud boshlangan. Jinoyat ishlarida shaxsiy hayot bilan bog‘liq hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligidan kelib chiqib, jarayon yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Bosh prokuratura 90 million dollarlik korrupsion “sxema” haqida axborot bergan o‘sha haftada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Koreyadagi vakolatxona rahbari lavozimida faoliyat olib borgan 35 yashar Azizbek Toshtemirov Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgani o‘rtaga chiqdi. Ko‘p o‘tmay, qayerdaligi noma’lum bo‘lgan Toshtemirov Telegram’da “Koreya24” nomli kanal ochib, unga Migratsiya agentligi rahbariyati, xususan Behzod Musayevnikiligi aytilgan audioyozuvlar va yozishmalar suratlarini joylashni boshladi.

Unda Behzod Musayev qimmatbaho sovg‘alar, davlat hisobidan 150 ming dollarlik mashina, premium do‘konlardan xarid qilinadigan go‘sht mahsulotlari talab qilgani, hatto, jinsiy quvvatni oshiruvchi dori vositasi yuborishni so‘ragani haqida jiddiy ayblovlar ilgari surilgan. Azizbek Toshtemirov o‘z kanalida barcha holatlar bo‘yicha faktlar yetarli ekani, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etishga tayyorligini bildirgan. Joriy yilning 20 iyun kuni Migratsiya agentligi shov-shuvli holat bo‘yicha rasmiy munosabat e’lon qilib, iddao qilingan holatlarni aniqlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilinayotganini bildirgan edi. Biroq, qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha olib borilgan ishlar natijalari oradan ikki yarim oy o‘tsa hamki ochiqlanmadi.

QALAMPIR.UZ Musayevning iste’fosidan xabar topgan zahoti, Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan bog‘landi. Manbaning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda Musayev ustidan hech qanday tekshiruv boshlanmagan. Xullas, Bag‘dodda hammayoq tinch. Behzod Musayev va agentlikning boshqa mansabdorlariga nisbatan qator ayblovlar bilan chiqayotgan Toshtemirovning nomi esa iyul oyi o‘rtalariga kelib, Interpol qidiruvidagi shaxslar ro‘yxatidan g‘oyib bo‘ldi. Rasmiy idoralar bunga izoh bermadi.

Zafarobod hokimi mudhish YTHga uchradi

Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov o‘ziga biriktirilgan “KIA Seltos” rusumli xizmat avtomobilida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Avtomobil katta yuk mashinasining orqa tomoniga urilgani va rulda hokimning maktabda o‘qiydigan o‘g‘li bo‘lgani aytilmoqda.

Hodisa Zafarobod tumani “Nurafshon” MFY hududidan o‘tuvchi yo‘lda joriy yilning 30 avgust kuni tongi soat 07:45 da sodir sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, uning isi 2 sentyabr kuni chiqdi. Shundan so‘ng, Zafarobod tumani hokimligi rasmiy axborot berdi. Bayonotda aytilishicha, yuk avtomobili hokim o‘tirgan mashinaning yo‘liga chiqib ketgan, rul boshqaruvida esa hokimning o‘zi bo‘lgan.

“Haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Mo‘minov “MAZ” rusumli yuk avtomashinasini Zafarobod yo‘nalishida boshqarib borayotib, chap tomonga burilish vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Zafarobod tumani hokimi G‘ayrat Eshpo‘latov boshqaruvidagi “KIA SELTOS” rusumli xizmat avtomashinasining harakat yo‘liga chiqib ketgan. Natijada to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida tuman hokimi G‘ayrat Eshpo‘latov hamda avtomashinada yo‘lovchi sifatida bo‘lgan uning voyaga yetmagan o‘g‘li turli darajadagi tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Mo‘minov esa tan jarohati olmagan”, deyiladi hokimlik bayonotida.

Yo‘l-transport hodisasi ortidan Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yakkasaroyda portlash ovozi

3 sentyabr kuni Yakkasaroy tumanining Glinka ko‘chasida yuqori bosimli truba yorilishi oqibatida yo‘l qoplamasining bir qismi o‘pirildi. Trubaning yorilishi bir vaqtning o‘zida ham kuchli portlash shovqini, ham chang-to‘zon bilan sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida bir kishi jarohatlangan. Bir necha avtomobillar jiddiy zarar ko‘rgan.

Toshkent shahar hokimligining axborotiga ko‘ra, hodisaga yerosti gaz quvuridagi sizib chiqish sabab bo‘lgan. Biroq, “Hududgaz poytaxt” gaz ta’minoti filiali mazkur hududdan yuqori bosimli gaz quvuri o‘tmagani hamda sodir bo‘lgan hodisa tabiiy gaz tarmoqlari bilan bog‘liq emasligi, shuningdek, o‘rganishlar davomida gaz sizib chiqishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanmaganini aytmoqda.

Poytaxt hokimligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, diametri 219 mm bo‘lgan yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmog‘i kamerasida to‘planib, avariya holatini yuzaga keltirgan. Tekshiruv davomida gaz quvurining taxminan 375 kv sm (15×25 sm) maydonida bir nechta joydan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan.

“Hozirgi vaqtda Toshkent shahar hokimligi uchun nafaqat hodisa oqibatlarini bartaraf etish, balki uning sabablarini chuqur o‘rganish, muhandislik tarmoqlarining holatini tekshirish va bunday holatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik prinsipial ahamiyatga ega”, deyiladi poytaxt hokimligi xabarida.

Voqea joyiga zudlik bilan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va tegishli idoralar rahbarlari yetib borgan. Holatga guvoh bo‘lib, uni telefon kameralariga muhrlaganlarning aytishicha, Umurzoqov tuman hokimi Nilufar Allaberganovani ko‘pchilik oldida qattiq koyigan.

Ayni vaqtda mazkur holat ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakunlariga ko‘ra, aybdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi aytilmoqda.

Shu o‘rinda qistirib o‘tish o‘rinliki, Toshkent shahar hokimiyati oxirgi vaqtlarda sodir bo‘layotgan avariyali holatlar bo‘yicha e’lon qilayotgan bayonotlarida, aybdorlarga tegishli tartibda chora ko‘rilishi va axborot berilishini ma’lum qilsa-da, ko‘plab holatlar yeng ichida qolib ketmoqda. Bundan bir oy avval Olmazor tumani Beruniy ko‘chasi hududida olib borilayotgan qurilishda sodir bo‘lgan fojiada bir kishi jarohatlanib, ko‘p qavatli uyga jiddiy zarar yetgan edi. Hodisa ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi, biroq oradan bir oydan oshiq vaqt o‘tdi hamki, hodisaning boshqa tafsilotlari va jinoyat ishiga oid materiallar e’lon qilinmadi.

Tailand o‘zbekistonliklarga vizasiz rejimni bekor qildi

Tailand 93 ta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston uchun amal qilayotgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qildi. Mamlakat Hukumati tegishli qarorni 26 avgust kuni qabul qilgan va u 15 sentyabrdan kuchga kiradi.

Endi O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kirish uchun Qirollikning rasmiy elektron viza portali orqali elektron viza anketasini to‘ldirib, kirish vizasini olishlari mumkin. Elektron viza anketasi to‘ldirilgandan so‘ng, viza uchun to‘lovni amalga oshirish uchun fuqaro Tailand Qirolligining Rossiya Federatsiyasidagi Moskva shahrida joylashgan elchixonasiga shaxsan borishi kerak.

Hukumatning ushbu qarorga kelishiga 60 kunlik yengillikdan foydalanib, ko‘plab xorijliklar turist sifatida kirib, noqonuniy ishlash, masofaviy mehnat qilish yoki chegaradan chiqib-kirib, mamlakatda noqonuniy uzoq muddat yashash holatlari ko‘payib ketgani sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston vizasiz sayohat rejimidan chiqarib tashlangan bo‘lsa, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligidan Rossiya, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston 30 kunlik vizasiz rejim imkoniyatini o‘zida saqlab qolmoqda.

Vizasiz rejim butkul bekor qilingan va oldindan viza talab etiladigan MDH davlatlari qatoriga O‘zbekistondan tashqari Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Moldova kiritilgan. Ozarbayjon va Belarus fuqarolariga esa faqat mamlakatga borganda, chegarani kesib o‘tishda viza olish imkoniyati berilgan.

Tailand Hukumati O‘zbekiston borasida bunday qarorga kelishi bejiz emas, albatta. Oxirgi vaqtlarda Tailandda o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida Tailandni tark etishi kerak bo‘lgan ikki O‘zbekiston fuqarosi Puket xalqaro aeroportida bojxona xodimlari tomonidan yuklari ichiga yashirilgan 26 kilogrammdan ortiq kannabis bilan ushlangandi.

To‘rt o‘zbekistonlik terrorizmda ayblanmoqda

Tugayotgan haftada Janubiy Koreyada to‘rt nafar o‘zbekistonlik Suriyadagi terrorchi guruhga pul va transport vositalarini yuborganlikda ayblanib qo‘lga olindi. Ular terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda gumonlanmoqda.

To‘rtovlon 2025 yilning aprelidan boshlab taxminan sakkiz oy davomida “Katibat at-Tavhid val-Jihod” terrorchilik tashkilotiga 6,3 million von (taqriban 4600 AQSH dollari) qiymatidagi kriptovalyuta yuborgani aytilyapti.

Ulardan biri o‘sha davrda guruhdan kriptovalyuta olganlikda gumon qilinmoqda va bu pullarga umumiy qiymati 170 million von (taqriban 126 ming 500 dollar)ga teng bo‘lgan 11 ta minilgan avtomobil hamda ikkita ekskavator sotib olib, ularni Suriyaga jo‘natgan. Tergovchilarning fikricha, gumonlanuvchining guruh bilan rasmiy aloqalari yo‘q, biroq u tashkilot a’zosi bo‘lgan ukasi bilan aloqaga chiqqanidan so‘ng, uni qo‘llab-quvvatlay boshlagani aniqlangan.

Gumonlanuvchi Interpol tomonidan qizil xabarnoma bilan qidiruvga berilganidan bir oy o‘tib, ya’ni aprel oyida hibsga olingan. Shundan so‘ng unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilib, ayblov e’lon qilingan. Ushbu operatsiya O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Qolgan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi asosiy gumonlanuvchiga minilgan avtomobillarni topish kabi ishlarda yordam berganlikda ayblanmoqda. Ular hibsga olinmagan holda politsiya tomonidan so‘roq qilingan. Asosiy gumonlanuvchi o‘z vatandoshlaridan birining nomiga ro‘yxatdan o‘tgan minilgan avtomobillar eksporti kompaniyasini boshqargani aytilmoqda.

Bojxona talablari o‘zgardi

O‘zbekistondan deklaratsiyasiz olib chiqish mumkin bo‘lgan naqd pul miqdori 10 ming dollar etib belgilandi. Bu haqda Prezident tomonidan imzolangan “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda aytilgan.

Bundan buyon O‘zbekiston hududidan 10 ming AQSH dollari ekvivalentidan ortiq miqdorda pul olib chiqsangiz, deklaratsiya to‘ldirasiz.

2027 yil dekabr oyiga qadar bu o‘zgarish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda 2027 yil 1 yanvardan yagona bojxona to‘lovi tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz miqdorida, biroq har bir kilogramm uchun 2 AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Amalda bojxona bojidan ozod qilish va nol stavkani qo‘llash bo‘yicha berilgan imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar saqlab qolinadi. Bojxona boji bo‘yicha muddatsiz berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati esa 2029 yil 1 yanvargacha etib belgilanadi.

Shuningdek, bojxona orqali import-eksport jarayonlarini amalga oshirishda bir qancha talablar bekor qilinmoqda. 2026 yil 1 sentyabrdan tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi va tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash bekor qilindi.

Yana 1 sentyabrdan tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish hamda oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish talablari ham bekor qilindi.

Shu qatorda, 1 sentyabrdan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish ham shart bo‘lmaydi.

O‘zbekiston uchun AES qanchaga tushyapti?

Rossiyaning “Rosatom”i tomonidan Jizzaxda qurilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasining umumiy qiymati 9,5 milliard dollar bo‘ladi. Jarayonda 3 mingga yaqin turdagi mahsulot va uskunalardan foydalaniladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tugayotgan haftada Jizzaxda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hamda unga yondosh zamonaviy shaharcha barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Rasmiy Toshkent ta’rificha, atom energetikasini rivojlantirish mamlakat energetik xavfsizligini mustahkamlash, barqaror bazaviy elektr generatsiyasini yaratish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilishda strategik ahamiyatga ega.

Atom elektr stansiyasi loyihasi joriy yil 4 iyundan qurilishning faol bosqichiga o‘tdi. Bugungi kunga qadar reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari to‘liq yakunlanib, 1 million kub metrdan ortiq tuproq qazib olingan. Poydevor plitasining bir qismiga 916 kub metr beton quyilgan. Qurilish-montaj bazasidagi 100 gektar maydonda yer ishlari bajarilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihada mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil etadi. Davlat rahbari bu ko‘rsatkich yetarli emasligini aytgan.

Loyihada mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar tomonidan bajarish hamda 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb etish vazifasi qo‘yilgan.

Shu maqsadda Forish tumanida 200 gektar maydonda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish, unda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish taklif etilgan. Prezident ushbu taklifni ma’qullab, sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini tatbiq etish bo‘yicha qaror loyihasini yil yakuniga qadar kiritish vazifasini qo‘ygan.

Bunda qurilish sifati va xavfsizligi eng ustuvor masala bo‘lishi shartligi, barcha ishlar Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari va xalqaro standartlarga muvofiq to‘liq amalga oshirilishi urg‘ulangan.

Loyiha faqat reaktorlar va elektr tarmoqlaridan iborat bo‘lmaydi. Stansiya yaqinida 33 ming aholiga mo‘ljallangan atomchilar shaharchasi ham barpo etiladi. 100 gektarlik hududda qariyb 10 mingta xonadon qurilishi ko‘zda tutilgan. Shundan 3 mingta xonadon birinchi bosqichda bunyod etiladi. Shaharchada maktablar, bog‘chalar, tibbiyot, sport va madaniyat ob’ektlari, ilmiy institutlar hamda yashil hududlar bo‘ladi.

Shuningdek, stansiyaning normal ishlashi uchun katta hajmdagi tashqi infratuzilma ham yaratiladi. Xususan, 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik suvi, 120 kilometr texnik suv quvurlari, 39,5 kilometr avtomobil yo‘li va 11 kilometr temir yo‘l qurilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing