Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston xalqiga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
13:09 1506 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kaspiy dengizi hududida mashg‘ulotlar paytida harbiy xizmatchilar halok bo‘lgani munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot kotibi ma’lum qildi.
O‘zbekiston rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik tilagan.
Mang‘istaudagi fojia
Kecha, 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-deңgiz kuchlari tomonidan o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida Kaspiy dengizi sohilida meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi sababli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan.
Mudofaa vazirligi dastlabki ma’lumotlarida dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi oqib ketganini bildirgan edi. O‘sha paytda 9 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani qayd etilgan. Fojia bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov olib borilmoqda.
Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan, hodisa joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev yuborilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va fojiani tergov qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Oqtovda Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlari bekor qilingan. Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabr kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. Keyinroq Mang‘istau viloyati hokimligi Kaspiy dengizidagi fojia oqibatida halok bo‘lganlar soni 12 kishiga yetganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi