Tasodifmi yoki?.. Turkiyadan so‘ng Fransiyada ham don omborida yong‘in chiqdi (video)
Olam
−
10 avgust 2023
5957Fransiyaning janubi-g‘arbidagi Sharanta dengiz departamentida joylashgan Lya-Roshel porti yaqinida, don silosida yong‘in chiqdi. Bu haqda “France Bleu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da boshlangan. Favqulodda vaziyatga aloqador barcha xizmatlarni muvofiqlashtirish uchun departamentda maxsus markaz tashkil etilgan. Yong‘inni o‘chirish uchun hozirgacha 96 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb qilingan. Olov SICA Atlantique don silosida (don mahsulotlari saqlanadigan joy) chiqqan va yana uchta silosga tarqalgan. Hududda yashovchi aholidan hodisa joyiga bomaslik va xavfsizlik talablariga rioya qilish so‘ralgan.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, yong‘in bino ichida joylashgan donni ko‘tarish uchun mo‘ljallangan konveyerda boshlangan bo‘lib, olov siloslarda saqlanayotgan minglab tonna donga ta’sir qilmagan. Ob’ektda portlash xavfi yo‘q, biroq yong‘in hozircha to‘liq o‘chirilmagan.
Ma’lumot uchun, Fransiya Yevropa Ittifoqidagi eng yirik don yetishtiruvchi mamlakat hisoblanadi. O‘z navbatida Lya-Roshel don ombori Fransiyadagi eng yirik omborlardan biri hamdir.
Eslatib o‘tamiz, bu uch kun ichida don saqlanadigan ob’ektlarda sodir bo‘layotgan ikkinchi shunday holat. Bundan avval Turkiyaning Kojaeli viloyatidagi Derinje bandargohida kuchli portlash sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida 15 ming tonna don yaroqsiz holga kelgan. Mazkur portlash sabotaj harakati bo‘lishi mumkinligi ham istisno qilinmayapti. Don ob’ektlarida ketma-ket sodir bo‘layotgan yong‘in va portlashlarning jahon bozoridagi narxlarga ta’siri qandayligi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
Don kelishuvining yakunlanishi
Joriy yilning 17 iyul kuni Rossiya Ukraina, Turkiya va BMT bilan tuzilgan don yo‘lagi kelishuvini uzaytirishni istamagani uchun Qora dengiz orqali don va oziq-ovqat yetkazib berish to‘xtab qoldi. Shundan so‘ng, Ukraina donining asosiy importchilari bo‘lgan Afrika mamlakatlarida ocharchilik yuzaga kelishi xavfi ortdi. Yevropa Ittifoqi va BMT Rossiyani oziq-ovqatni qurol sifatida foydalanishda aybladi. Don kelishuvining bekor qilinishidan bir kun o‘tib Rossiya tomonidan Ukrainaning Odessa portiga raketa va dron hujumlari uyushtirildi. Oqibatda 60 ming tonna don yo‘q qilindi.