Rossiya uyatsizlarcha oziq-ovqatni qurol qilib ishlatyapti – Blinken
Olam
−
18 iyul 2023
8508Rossiya hukumati oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishda davom etishi butun dunyodagi millionlab zaif odamlarga zarar yetkazmoqda. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken so‘z ochdi. U bunday xatti-harakatlarni “uyatsizlik” deb atadi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilgan.
Unga ko‘ra, g‘alla tashabbusi orqali bir yilda Ukrainadan 32 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilingan, bu 18 milliard “buxanka” degani.
“Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Qora dengiz don tashabbusidagi ishtirokini to‘xtatish qaroridan chuqur afsusda”, deydi Entoni Blinken.
Hujjatda, shuningdek, ushbu tashabbus doirasidagi har bir jo‘natish dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishga hissa qo‘shishi, chunki jahon bozorlariga g‘alla yetkazib berilishi oziq-ovqat mahsulotlari narxini yanada qulayroq qilishini ta’kidlaydi.
AQSH Davlat kotibi Davlat departamentida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, don tashabbusi zarurati “Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng paydo bo‘lganini, keyin esa portlarni to‘sib, Ukrainaning butun dunyo bo‘ylab don jo‘natishiga to‘siq bo‘lishga qaror qilganini” eslatdi.
Blinken, shuningdek, tashabbus Ukrainadan g‘alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazib berish imkonini berganini va bu katta foyda keltirganini ta’kidladi.
AQSH tashqi siyosat rahbari, shuningdek, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda oziq-ovqatni qurolga aylantirayotganini aytdi.
“Umid qilamanki, barcha davlatlar buni diqqat bilan kuzatib boradilar. Ular Rossiyani butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqatga muhtoj bo‘lgan odamlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashdan bosh tortishi va ko‘plab mamlakatlar jiddiy inflyatsiya bosimi davom etayotgan bir paytda narxlarni ko‘tarishi uchun javobgar ekanligini ko‘radi”.
Uning bildirishicha, Ukraina g‘allasini dunyoga yetkazib berishning muqobil yo‘llari allaqachon ishlab chiqilmoqda.
“Rossiyaning oziq-ovqatga qarshi qurol qo‘llashi natijasida endi yo‘qotilayotgan narsaning o‘rnini to‘ldirish juda qiyin”, deydi diplomat.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 iyul kuni Rossiya don yo‘lagi bo‘yicha kelishuvni to‘xtatganini ma’lum qildi. Avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya rahbari Vladimir Putin don shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘lganini aytib o‘tgandi.
Bundan oldin esa Putin don bitimi doirasida Rossiya uchun hech narsa qilinmagani, bu bir tomonlama o‘yin ekanini bildirgandi.
Ma’lumot uchun, don kelishuvi 2022 yil 22 iyulda Istanbulda tuzilgan. U yerda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirokida ikkita hujjat imzolangan – Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarni eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish to‘g‘risida. Tashabbus 2022 yil noyabrida 120 kunga, martgacha, keyin yana ikki marta – ikki oyga uzaytirilgan. Yakuniy muddat – 17 iyul kuni tugagan.
LiveBarchasi