Erdo‘g‘an Blinkenni Anqara aeroportida qabul qildi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 12 dekabr kuni Anqaradagi Esenbog‘a aeroportida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenni qabul qildi. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi xabar berdi.

Matbuotga yopiq tarzda o‘tkazilgan uchrashuvda Turkiya va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, Suriyadagi so‘nggi voqealar, global va mintaqaviy muammolar muhokama qilingan.

“Turkiya boshidanoq Suriyaning hududiy yaxlitligi, birligi va unitar tuzilishini saqlab qolish va xalqaro hamjamiyat Suriyani qayta tiklash va qayta qurishda hamkorlik qilishi zarurligini yoqlab chiqdi”, dedi Turkiya Prezidenti.

Shuningdek, u o‘z mamlakati Suriyadagi muxolifat, shuningdek, Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) va unga qarashli qurolli kuchlarning Suriyadagi tahdidi oldida milliy xavfsizlikni himoya qilish choralarini ko‘rishini aytdi.
Uning aytishicha, Turkiya NATO davlati sifatida KIP va uning bo‘linmalarining Suriyadagi vaziyatdan foydalanishga urinishlariga to‘sqinlik qiladi.

“Turkiya barcha imkoniyatlardan foydalanadi va ISHIDga qarshi kurashda zaiflikka hech qachon yo‘l qo‘ymaydi”, deyiladi ma’muriyat bayonotida.

Erdo‘g‘an Turkiyaning ISHID bilan yuzma-yuz kurashgan yagona NATO davlati ekanini ham eslatgan. 

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Turkiya davlati Turkiya-Amerika munosabatlarini barcha sohalarda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Prezidentlik aloqa boshqarmasi rahbari Fahriddin Altun, Prezidentning tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akif Chag‘atay Qilich va Prezident apparati rahbari Hasan Do‘g‘an ham ishtirok etdi.

AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan bayonotda esa Blinken Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda barcha muhtojlarga insonparvarlik yordami oqimini osonlashtirish muhimligini ta’kidlagani va ko‘chirilgan suriyaliklar himoyaga muhtoj bo‘lishda davom etishini ta’kidlagani qayd etilgan.

“U ISHIDni yengish uchun koalitsiya o‘zining muhim missiyasini bajarishda davom etishini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. U, shuningdek, G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilish va Falastinning tinch fuqarolariga gumanitar yordam ko‘rsatishni ta’minlaydigan zudlik bilan sulh bitimini tuzish zarurligini muhokama qildi”, deyiladi Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerning bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Anqara Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing