Fidan Blinken bilan uchrashdi
Olam
−
15:06
993Bugun, 13 dekabr kuni Anqarada Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken uchrashdi. Bu haqda “Haber7” xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 09:55 atrofida boshlangan. AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Blinkenning tashrifi chog‘ida kun tartibidan Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan keyingi o‘tish davri, mamlakatdagi siyosiy jarayon va G‘azoda mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bo‘yicha muhokamalar o‘rin olgan.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Xoqon Fidan ham Suriya va G‘azo eng muhim masalalar ekanini ta’kidlagan.
“Bizning ustuvor vazifamiz Suriyada barqarorlikni ta’minlashdir. Biz bu masalalarda nima qilishimiz mumkinligi, umumiy tashvishlar nima ekanini muhokama qildik. G‘azoda imkon qadar tezroq o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldik. Bu bo‘yicha jadal harakatlar ilgari surilmoqda, ammo mintaqadagi zo‘ravonlik spirali to‘xtamayapti”, dedi Fidan.
Shuningdek, u Bilinken bilan suhbat yangi vaziyatda Suriya xalqi manfaati yo‘lida, mamlakat birligi, yaxlitligi, birdamligi va suvereniteti uchun nima qilish mumkinligi haqida bo‘lganini bildirgan. Bundan tashqari, ushbu masalada Turkiya, Amerika va mintaqaviy o‘yinchilarning roli qanday bo‘lishi kerakligi va qanday qilib hamkorlik qilish zarurligi bo‘yicha fikr yuritilgan.
"Biz AQSH va Turkiya o‘rtasida Suriya kelajagiga oid umumiy ma’nodagi kelishuv borligiga ishonamiz. Bu kelishuvning asosiy elementi sifatida inklyuziv va dunyoviy hukumat shakllanishini ko‘rishni xohlaymiz”, dedi Fidan.
Entoni Blinken ham uchrashuv bo‘yicha bayonot berib, AQSH va Turkiyaning Suriya kelajagidagi o‘rni va ISHIDga qarshi kurashning davom etishi zarurligi muhokama qilinganini bildirgan.
“Biz Suriya xalqi oldidagi imkoniyatga diqqatimizni qaratganmiz. Suriya xalqini Bashar Asad kishanlaridan ozod qilishga sodiqmiz”, deydi Blinken.
Shuningdek, Blinken kelajakda Suriya hukumatining qo‘shnilariga xavf tug‘dirmaydigan siyosat olib borishiga umid bildirgan. Bundan tashqari, u ayollar huquqlari, etnik va diniy ozchilikning manfaatlarini himoya qilish Suriya hukumati faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Blinken Suriya o‘z hududida kimyoviy qurollar bor-yo‘qligini tekshirishga ruxsat berib, topilgan taqdirda uni yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlik qilishiga umid bildirishini qo‘shimcha qilgan.
“Turkiya Tashqi ishlar vaziri aytganidek, biz Suriya masalasiga diqqatni jamladik. Shuningdek, Turkiya, Qo‘shma Shtatlar va mintaqadagi boshqa sheriklar ushbu jarayonni qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini muhokama qildik", dedi Blinken.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqaradagi Esenbog‘a aeroportida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenni qabul qilgan edi. Matbuotga yopiq tarzda o‘tkazilgan tomonlar uchrashuvida Turkiya va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, Suriyadagi so‘nggi voqealar, global va mintaqaviy muammolar muhokama qilingan.