Rossiyaning Odessaga zarbasi oqibatida 60 ming tonna don yo‘q qilindi – Kiyev 

Olam

image

Rossiya qo‘shinlarining Odessa viloyatiga navbatdagi zarbasi oqibatida 60 ming tonna g‘alla nobud bo‘ldi. Odessa va Chernomorskdagi port inshootlari zarar ko‘rdi. Bu haqda kecha, 19 iyul kuni Ukraina Agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Nikolay Solskiy ma’lum qildi. 

Solskiyning so‘zlariga ko‘ra, 19 iyulga o‘tar kechasi Odessa va Chernomorsk portlaridagi don terminallari va infratuzilmalariga hujum qilingan. Kernel, Viterra, CMA CGM xalqaro va ukrainalik treyderlar va tashuvchilarning don infratuzilmasi eng ko‘p zarar ko‘rgan. 

“Bu Ukrainaga qarshi emas, balki butun dunyoga qarshi terrorchilik harakatidir. Oziq-ovqat xavfsizligi yana tahdid ostida. Butun dunyoni ochlik bilan shantaj qilayotgan terrorchi davlat insoniyatni garovga oldi. Dunyo keskin va vaziyatga qarab javob berishi kerak”, deyiladi bayonotda.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kecha jabr ko‘rgan ob’ektlarni tiklash uchun taxminan bir yil kerak bo‘ladi.

Rossiya Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, Odessa viloyatidagi harbiy sanoat ob’ektlari, yoqilg‘i infratuzilmasi va Ukraina Qurolli kuchlarining o‘q-dorilar omborlariga yuqori aniqlikdagi dengiz va havo qurollari bilan guruhli zarba berilgan.

Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari "Oniks", X-22, X-59 raketalari va hujumchi dronlaridan foydalangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 iyul kuni Ukrainaning Zaporoje, Xarkov va Dnepropetrovsk viloyatlari, shuningdek, Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimdagi harbiy poligonda portlashlar bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Odessa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing