Tashanov Ixtiyor Abdullayev va Rashid Qodirov tarafdorlarining bosimiga uchradimi? Post nega o‘chirildi?
Intervyu
−
10 may 2021
24364O‘tgan hafta O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tardi. U Facebook’dagi sahifasida 22-sonli jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgani, u yerda sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov, sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayevni, shuningdek MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayevni uchratgani, Abdullayev chinni sexida idishlarga gul chizayotgani, Qodirov esa ayollar lozimi sexida ishlayotganini aytgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu post Tashanovning sahifasidan o‘chirib yuborildi. Xo‘sh, inson huquqlari faoli o‘zi yozgan postni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidan o‘chirib yuborishini qanday tushunish mumkin? Yangi O‘zbekistonda ham inson huquqlari faollariga bosimlar bormi? Nega bu post o‘chirildi? QALAMPIR.UZ Abdurahmon Tashanov bilan suhbatlashdi.
“Odamlarga falsafa so‘qish niyatim yo‘q. Lekin umumiy kuzatuvlarim dorasida bir ikkita narsalarni gapirmoqchiman. Masalan sizning gapirishingiz, bir narsa demoqchi bo‘lganingiz, omma tomonidan qanday qabul qilinadi? Bitta post qo‘ysangiz, sizning shaxsingizdan boshlab, ota-onangizdan boshlab shunaqangi siylab chiqadiganlar bor, turli guruhlar paydo bo‘lyapti. OAVga intervyu berayotganimda ko‘p aytaman: “biz ozgina chidamsizroq, sirkasi suv ko‘tarmaydigan jamiyat bo‘lib qoldik, bitta gap aytsangiz, beting-ko‘zing demasdan gapirib tashlashadi yoki so‘kishlar qoldirishadi. O‘zaro hurmat degan narsalar xozir hayotning og‘ir tashvishlari bilan almashgandek bo‘ldi. Masalan, svetoforda sal uzoq to‘xtab qolsangiz orqangizdan qattiq signal chalib turishadi. Albatta, bu o‘sha uzoq yillik iqtisodiy muammollar, so‘z erkinligining yo‘q bo‘lgani hosilasi. Yana bitta narsani aytish kerakki, so‘z erkinligi berilgan paytda boshlang‘ich davrda ma’lum darajada radikallar yoki siyosiy ekstremistlar, xalq tili bilan aytadigan bo‘lsak, shallaqilar ko‘proq chiqadi”, deydi Tashanov.
Huquq faoli so‘zida davom etarkan, bosimlar nafaqat oddiy odamlar, balki inson huquqlari faollariga ham mavjudligini, bu borada O‘zbekiston dunyoda yagona mamlakat emasligini urg‘uladi. Uning qayd etishicha, rivojlangan mamlakatlarda ham bosimlar bor.
“Albatta, bosim bor, hammaga bosim bor. Hamma davlatlarda bosim bo‘ladi va O‘zbekiston bundan mustasno emas. O‘zbekiston endi rivojlanish yo‘liga chiqayotgan davlat. Rivojlangan davlatlarda ham bosim bo‘ladi. Lekin O‘zbekistonda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarayotgani bor gap. Eski zamonlarda QALAMPIR studiyasiga kelish tugur, siz bilan ko‘rishish ham muammo edi. Shu nuqtayi nazardan oladigan bo‘lsak, ma’lum darajada o‘sishlar bor. Lekin o‘ziga yarasha bosimlar, o‘ziga yarasha maslahatlar, sizga nasihat qiladigan odamlar ham bo‘ladi”, deydi Tashanov.
U O‘zbekistondagi so‘z erkinligining bugungi holatiga ham baho berib, shunday deydi:
“So‘z erkinligi shunday narsaki, darajama-daraja rivojlanib, takomillashib boradi. Hali shunday kunlar keladiki, siz bilan mana shu efirda so‘z erkinligini muhokama qilayotganimiz ham kulguli bo‘lib qoladi.
1998 yillarda gazetada ishlab yurgan paytimda BBC muxbirlari “O‘zbekistonda senzura bormi?” deb mikrofon tutib kelsa, biz qochar edik. Bir kuni jaxlim chiqdi-da, “ha, senzura bor”, deb shundoq Erkin Komilovning xonasini ko‘rsatib yubordim. O‘sha vaqtlarni eslasam, yengil kulgu keladi”, deydi Tashanov.
Eslatib o‘tamiz, “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston o‘tgan yilgiga nisbatan bir pog‘ona pastlab, 157-o‘rinni egalladi.
Ma’lumot o‘rnida, Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev Jinoyat kodeksining 242- (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 301-moddalari (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
LiveBarchasi