Kurs UZS

USD

12 913.19

4

EUR

13 908.80

-26.67

RUB

154.17

0.87

Voitov ishi: Davlat siri yoki davlat puli haqida

Tahlil

Kecha, 18 mart kuni Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sobiq qishloq xo‘jalik vaziri Aziz Voitov ishi yuzasidan appelyatsiya sudi boshlangani haqida yozgandi.

Ammo Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov bu ma’lumotlarni keskin rad etib chiqdi.

“Aziz Voitov ishi sentyabr oyida birinchi instansiyada ko‘rila boshlandi. Hozirda sud majlisi davom etmoqda. Sud tugamagan”, deydi Obidov.

Birinchi instansiya sudi 2024 yilning 15 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rila boshlangan. Jinoyat ishi hajman katta ekani, protsess ishtirokchilari soni ko‘pligidan kelib chiqib, sud yopiq tarzda o‘tishi belgilangan.

Sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri bunchalik nimada ayblanyaptiki, 7 oydan beri tugamasa sud. Kamiga yopiq o‘tsa?

Joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 nafar shaxsga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan sud eshiklari jurnalistlar uchun tars yopib qo‘yilgandi. Sababi o‘sha kuni sudning navbatdagi majlisida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi vakili G‘afur Mahkamov sud ishi doirasida sirlar borligi uchun uni bundan buyon yopiq o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma kiritgan. 

“Sud ishi davomida xizmat doirasida foydalanish mumkin bo‘lmagan hujjatlar borligi sababli, ularning e’lon qilinishi xorijdan investorlarni jalb qilishga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli sud majlisining yopiq shaklda ko‘rilishini so‘rayman”, deya o‘z iltimosnomasini izohladi vazirlik vakili. 

Ayrim advokatlar esa vazirlik xodimining vajiga “davlat siri” deya tus berdi.

Usiz ham avvalroq sudda jurnalistlar faoliyatini cheklab qo‘ygan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudyasi Sardor Sodiqov esa iltimosnomani qanoatlantirdi va shuning bilan jurnalistlar Voitov ishini bevosita kuzatish va yoritish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Jurnalistlardan shunchalik yashirilayotgan sir ne bo‘ldi ekan? U nimaki, xizmat doirasida foydalanish mumkin bo‘lmasa, davlat siri deya tus berilsa, O‘zbekistonning investitsion salohiyatiga salbiy ta’sir qilsa? Bu sir nima ekaniga qiziqib qoldingizmi? Biz ham. Shu bois bu sirni aniqlash payiga tushdik va ishga oid dastlabki tergov xulosasini qo‘lga kiritdik. Unga ko‘ra, gap o‘marilgan millionlar-u milliardlar haqida ketmoqda. Voitov qanday jinoyatlar sodir etganlikda ayblanmoqda? Keling, bularning barini boshidan ko‘rib chiqamiz.

“Kuyovni payg‘ambarlar siylagan”

Dastlabki tergovning 189 varaqli xulosasi bilan tanishar ekansiz, unda yo Voitovning kursdoshi, yoki qaynonasiyu qaynotasining ham ismlariga ko‘zingiz tushadi. Ha, sudlanayotgan 49 nafar shaxs ichida Aziz Voitovning qaynotasi, qaynonasi hamda kursdoshi ham bor.

Aziz Voitov “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi, shuningdek, bank Kuzatuv Kengashi raisi lavozimida o‘tirgan mahal mansabidan g‘arazli va boshqa maqsadlarda foydalanib, “Milliybank” Akademik filialidan 2018 yil davomida jami 21,7 mlrd so‘m tekstil uskunalari xaridi uchun kreditni muammosiz olishga erishgani aytilmoqda.

“Mazkur kredit olinishi uchun biznes rejada kalava iplarni bo‘yash va ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish orqali kreditni so‘ndirish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, A.Voitov 2020 yilda yuzaga kelgan “COVID-19” pandemiya asoratlarini vaj qilib, kredit qarzdorligini qasddan to‘lamaslik maqsadida, A.Urinbayev, qaynotasi A.Karimov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, “Lanell Group” MCHJ va qaynonasi D.Karimova ta’sischiligida 05.03.2021 yilda “Rainbow Teks” (oldingi nomi Ostex TTZ) MCHJni tashkil qilib 2019-2022 yillar davomida kredit to‘lovi muddatini 4 marta noqonuniy yo‘llar bilan 2029 yil sentyabr oyiga qadar uzaytirish yo‘li bilan to‘lamay kelgan va 21 mlrd 779,4 mln so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Kreditni maqsadsiz sarflab, qasddan to‘lamaslik harakatlari uchun bank tomonidan kreditni undirish choralari ko‘rilmasligini ta’minlagan”, deyiladi dastlabki xulosada.

Shunday qilib, 2019-2022 yillar davomida  kredit to‘lov muddatini 2027 yil sentyabr oyiga qadar 7 marotaba noqonuniy yo‘llar bilan uzaytirib, 600 ming yevro (Markaziy bankning 01.12.2019 yildagi kursi bo‘yicha 6 mlrd.279 mln so‘m) kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Dom biznesi

Qo‘limizdagi rasmiy hujjat – dastlabki tergov xulosasiga tayanadigan, ishonadigan bo‘lsak, suyukli kuyov qaynotasining cho‘ntagini to‘ldirishdan to‘xtamaganini ko‘rish mumkin. 

2018 yil davomida Hukumat topshirig‘i bilan bank mablag‘i hisobidan Toshkent viloyati, Ohangaron shahrida ko‘p qavatli turarjoy binosi, shuningdek, Nurafshon shahrida “O‘zsanoatqurilishbank” Toshkent viloyat mintaqaviy filiali xodimlari uchun 7 qavatli turarjoy binosi qurilishi  kerak bo‘lgan. Qaynota va uning “Beltepa master stroy” MCHJdagi tanishlari  bundan xabar topadi. Va mazkur turarjoy binolari qurilishini pudratchi sifatida qo‘lga kiritish orqali nazorat qilinmaydigan mo‘may daromad olish niqobi ostida bank mablag‘larini talon-toroj qilish jinoiy rejasini tuzishgan.

Mazkur jinoiy rejaga ko‘ra, A.Karimov kuyovi A.Voitovni jinoiy guruhga jalb qilishi kerak edi. Shundan qilgan ham. 2018 yil avgust oyida Ohangaron shahri hududidan o‘tuvchi A-373 avtomagistral yo‘li bo‘yidagi ko‘p qavatli turarjoy binosi qurilishi jarayoni bilan tanishish uchun borgan kuyovi A.Voitov va O.Rajabov uchrashuvini tashkillashtirib, garchi Toshkent viloyat mintaqaviy filiali xodimlari uchun qurilishi rejalashtirilayotgan Nurafshon shahridagi 7 qavatli turarjoy binosi qurilishi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida tender o‘tkazilgan holda pudratchi aniqlanib, qurilish ishlarini amalga oshirish lozim bo‘lsa-da, A.Voitov Qonun talablariga zid ravishda bino qurilishini qaynotasining tanishi “Beltepa master stroy” MCHJga berish to‘g‘risida “O‘zsanoatqurilishbank” Toshkent viloyat mintaqaviy filiali boshlig‘i A.Tolibovga noqonuniy topshiriq bergan.

Hokimning harakati

Ammo butun boshli 7 qavatli uy qurilishini shundoq tanishiga o‘tkazib yuborish osonmidi? Buning uchun faqat Tolipovga noqonuniy topshiriq berish kamlik qiladi. Shuning uchun Voitovga bu yo‘lda Nurafshon shahar hokimi Usmon Raximov yordam berib kelgan. Harqalay tergov hujjatlarida shunday yozilgan.

Usmon Rahimov Toshkent viloyatining ma’muriy markazi bo‘lmish Nurafshon (sobiq To‘ytepa) shahriga 2018 yilning yanvaridan rahbarlik qilib kelgan. 2019 yilning avgust oyida Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga hokim etib tayinlandi. Ammo bir  yil o‘tmay lavozimdan bo‘shatiladi. Ammo uning ishdan bo‘shatilishiga jinoiy xatti-harakatlari emas, balki  o‘g‘li Dilshod Rahimovning yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgani sabab sifatida ko‘rsatilgandi.

“Nurafshon shahar hokimining 14.08.2018 yildagi 507-sonli qarori bilan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyat mintaqaviy filiali xodimlari uchun 7 qavatli turar-joy binosi “Global trans qurilish montaj” MCHJ tomonidan qurilishi belgilangan bo‘lsa-da, g‘olib nomini “Beltepa master stroy” MCHJga o‘zgartirib qo‘yish yo‘li bilan soxtalashtirib, turar-joy binosini qurish uchun pudratchini “Davlat xaridlari” to‘g‘risidagi Qonunga asosan tender asosida aniqlab olmasdan, bino qurilishini moliyalashtirish uchun go‘yoki “Beltepa master stroy” MCHJga “aylanma mablag‘larini to‘ldirish” va “qurilish mollari sotib olish” uchun kredit ajratish, kelgusida kredit evaziga qurib bitkaziladigan binoni qimmat narxlarda bank balansiga topshirish haqida kelishib olishgan”, deyiladi hujjatda.

Turarjoy binosini qurish sarf-xarajatlari aslida 32 mlrd 105,2 mln so‘mni tashkil qilsa-da, bino qurilishiga 53,9 mlrd so‘mlik loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlatadi. Bu orqali jami 48,5 mlrd. so‘m miqdorda aylanma mablag‘larini to‘ldirish va qurilish mollari sotib olish uchun kredit mablag‘larini bankning Toshkent viloyati mintaqaviy filiali Amaliyot bo‘limi orqali ajratilishini ta’minlab, jamiyat tomonidan kredit mablag‘lari evaziga 7 qavatli turarjoy binosini qurishgan.

“O‘rgangan ko‘ngil o‘rtanmay qo‘ymas”

Voitov 2020 yilning mart oyida bank Boshqaruvi raisi lavozimidan ozod qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan bo‘lsa-da, bank Kuzatuv kengashi raisi ekanligidan foydalanib, bank tizimida o‘z maqomini saqlab qolgan holda, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB mutaxassislari orqali binoda nomigagina nazorat o‘lchovi o‘tkazdiradi. Go‘yoki 56 mlrd so‘mlik qurilish ishlari amalda bajarilganligi haqida soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritilgan dalolatnomalar rasmiylashtirilishiga erishadi. O‘z navbatida binoning qaynotasi A.Karimov orqali “Real consult-servis LLC” MCHJga asossiz ravishda 79 mlrd 855,5 mln so‘mga baholanishiga, Kredit qo‘mitasi va bank Boshqaruvi orqali esa binoni 64,5 mlrd so‘m qiymatda bank balansiga qabul qilish va o‘rtadagi farqni “Beltepa master stroy” MCHJga to‘lab berish haqida Bank kredit qo‘mitasi va boshqaruvining bayonnomasi va qarori chiqariladi. Xullas u emas, bu emas, bankning jami 32 mlrd 394,7 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qiladi. Harqalay, prokuror shunday xulosaga kelgan.

Go‘yoki xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rsatish uchun bank balansiga olingan 7 qavatli turar-joy kompleksining 2-7 qavatlarida joylashgan jami 72 ta turarjoy xonadonlarini bank tizimidagi xodimlarga boshlang‘ich to‘lovlarsiz, 15 yil muddatda bo‘lib to‘lash imtiyozi asosida sotib, bank manfaatlariga 18 mlrd 637,8 mln so‘m zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgani aytilmoqda.

“Sir”

Agar surishtiruvimizni shu nuqtagacha ko‘rib kelayotgan bo‘lsangiz, demak, video avvalida tilga olganimiz, jurnalistlar bilishi va sizga yetkazilishidan qo‘rqilgan, davlatning investitsion obro‘siga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan sirni ochish vaqti yetib keldi.

Voitov Jahon bankining 2,5 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiyasini havoga uchirganlikda ayblanmoqda.

Gap shundaki, 2022 yilning avgust oyida Voitov kimsan vazir bo‘ldi. Faoliyatini moliya-bank sohasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri. 2023 yil oktyabr oyigacha bu lavozimda o‘tirgan mulozimning bu faoliyati bilan bog‘liq jinoyatlar ham borligi dalillanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil “Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2020 yildagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Toshkent davlat Agrar universiteti tarkibida Oliy ta’lim muassasalararo “Ekofiziologik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasi”ni tashkil qilish belgilangan. Unga ko‘ra, Jahon bankining 2 mln 546 ming AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari evaziga Yaponiyaning “Ogawa Seiki Co.LTD” kompaniyasi bilan 2021 yil yanvardagi shartnoma asosida Toshkent davlat Agrar universitetiga umumiy qiymati 2,5 mln AQSH dollari bo‘lgan ilmiy tadqiqot laboratoriyalari jihozlari olib kelingan.

Loyihani ishga tushirish uchun Agrar universitet rahbariyati tomonidan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida laboratoriya binosini rekonstruksiya qilish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga 2022 yil dekabr oyida tanlov e’lon qilingan.

Tanlov natijasi bo‘yicha loyihachi “Inter Active-teams” MCHJ tomonidan 15,2 mlrd. so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan. O‘simliklarni biologik himoya qilish ilmiy-tadqiqot markazi binosini rekonstruksiya qilish uchun bir qancha me’yoriy hujjatlarga asosan pudratchi tanlashda xalqaro tender savdolari amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, A.Voitov mansab vakolatini suiiste’mol qilib, Qonun va Prezident qarorlari talablariga rioya qilmasdan, 2023 yil mart oyida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Shipland” MCHJ rahbari M.Mirziyatovga mazkur ob’ekt rekonstruksiyasi bo‘yicha kelgusida pudrat shartnomasi uning jamiyati bilan tuzilishini va’da qiladi. Hech qanday tanlov o‘tkazmaydi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablarini qo‘pol ravishda buzib, binoda rekonstruksiya ishlarini boshlash haqida unga og‘zaki topshiriq beradi.

 “Xalqaro tender e’lon qilinmaganligi sababli A.Voitov Jahon bankining “O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya  qilish”  loyihasi  doirasida  bino  rekonstruksiya qilinishiga mablag‘lar ajratilmasdan qolishiga, 2021 yilda Jahon bankining 2,5 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘iga Yaponiyadan sotib olingan ilmiy tadqiqot laboratoriyalari jihozlarining foydalanilmasdan qolib ketib, loyiha ishga tushmasligiga kimyoviy reagentlarning amal qilish muddatlari o‘tib ketishiga sababchi bo‘lib, davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy ziyon va “Shipland” MCHJ manfaatlariga 2 mlrd 388,7 mln so‘mlik juda ko‘p miqdordagi zarar yetkazgan”.

“O‘zdonmahsulot” qani?

Prokuror tergovidan aniq bo‘lishicha, bular Aziz Voitov gumon qilinayotgan jinoyatlarning barchasi emas. U Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelib, mansab vakolati doirasidan chetga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ma’muriy binolaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishida “O‘zdonmahsulot” AKga qarashli Toshkent shahri, Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi, 36-uyda joylashgan 230,4 mlrd so‘mga baholangan ma’muriy bino 1,3 mlrd so‘mlik inventar mahsulotlari bilan birga Qishloq xo‘jaligi vazirligiga topshirilishi va vazirlik tuzilmasi 2 oy muddat ichida mazkur binoga ko‘chib o‘tishi belgilangan bo‘lsa-da, Prezident Farmoyishi talablarini bajarmagan.

Binoni belgilangan tartibda Qishloq xo‘jalik vazirligi balansiga qabul qilib olmasdan turib, garchi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan loyiha- smeta hujjatlarini ishlab chiqilmasa-da Qurilish va uy-joy kommunal sohasidagi davlat nazorati inspeksiyasi tomonidan qurilishga ruxsatnoma olmasdan “O‘zdonmahsulot” AK binosida ta’mirlash ishlari olib borish mumkin emasligi haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga xat berilgan bo‘lishiga qaramasdan, “Shipland” MCHJga binoni demontaj qildirib, uning yaroqsiz holatga kelib, 107 mlrd 461,9 mln so‘m zarar yetkazilishiga va 493,4 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar talon-toroj qilinishiga, shuningdek, “CHIPLAND” MCHJga 903,9 mln. so‘m (demontaj xarajati) moddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

“Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga”

Aziz Voitovning bo‘yniga qo‘yilgan yana bir jinoyat bu davlat mablag‘larini o‘ziga tegishli korxona orqali o‘zlashtirishdir. U 2022 yil dekabr oyida Surxondaryo viloyatida tadbirkorlar bilan uchrashuv vaqtida o‘zini go‘yoki tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi vazir sifatida namoyon qilib, qarz mablag‘ini maqsadli sarflash bo‘yicha aniq bir biznes rejasi bo‘lmagan bo‘lsa-da, qarz ajratish maqsadsizligi oldindan ayon bo‘lgani holda, o‘ziga aloqador “Termiz gold kapital” MCHJ rahbari A.Shukurovga so‘ragan qarz mablag‘ini valyutada ajratish bo‘yicha topshiriq bergan. Shuning “Termiz Gold Kapital” MCHJga 300 ming AQSH dollari (Markaziy bank kursi bo‘yicha 12496,80 so‘m, jami 3 mlrd 749 mln so‘m) ajratilishiga erishib, o‘z navbatida “Termiz gold kapital” MCHJ rahbari A.Shukurov tomonidan ushbu mablag‘lar bankdan naqdlashtirilib, boshqa jamiyatlardan mavjud bo‘lgan qarzdorligi to‘lanib, maqsadsiz sarflab, juda ko‘p miqdorda byudjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.

Xo‘jalikning mahsulot yetishtiruvchilar bilan tuzilgan shartnomasi (fyuchers) mavjud bo‘lmasa-da, muqaddam faoliyat ko‘rsatmagan, daromadga ega bo‘lmagan, aksincha 2021 yilni 514 mln so‘mlik zarar bilan yakunlagan, hisob raqamida pul va balansida mol-mulki bo‘lmagani uchun qarz mablag‘ini qaytarolmasa ham “Buyuk Javohir Timsoli” FXga “biznes-rejada belgilangan meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekin mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va eksport qilish maqsadida ushbu mahsulotlarni xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun” 3 mlrd. 800 mln. so‘m qarz mablag‘ini 8 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada imtiyozli shartlarda noqonuniy ajratib beradi va taqdim etilgan biznes rejaga zid ravishda maqsadsiz sarflab, yana 3 mlrd 800 mln. so‘m byudjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani yozilgan.

Bu ham hali hammasi emas. Prokurorning dastlabki xulosasiga binoan Aziz Voitov tag‘in  bir necha jinoyatlarda ayblanmoqda. U  2023 yilda “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti”ga 1 mlrd. so‘m ajratilishiga erishib, mazkur mablag‘lar maqsadsiz sarflanib, juda ko‘p miqdorda byudjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Toshkent davlat Agrar universitetining ta’mir talab bo‘lganligi sababli oxirgi o‘n yillar davomida foydalanilmay kelinayotgan 3 ta yotoqxonasini paychilik asosida rekonstruksiya qilinib, ularning 2 tasi Toshkent davlat Agrar universitetiga va 1 tasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga turar-joy sifatida topshirish maqsad qilingan bo‘lsa-da, hech kim va hech qanday holatda amalga oshirishga haqi bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirib, bino buzib tashlanib, binoning yaroqsiz holatga kelishiga va davlat va jamiyat manfaatlariga 26 mlrd 172,9 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgani aytilmoqda.

Yuqoridagilarga ko‘ra Voitov Aziz Botirovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va mansab soxtakorligida ifodalangan moddalaridagi jinoyatlarni qasddan sodir etganlikda ayblanmoqda.

Tergov vaqtida Voitov ko‘rsatilgan ayblovlarga faqat qisman iqror ekanligini bildirgan. Ammo u “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Olmazor filialidan 600.000 Yevro kredit olinganligini keyinchalik bilganini, ushbu jamiyatga kredit ajratilishiga umuman aralashmaganligini, “Lanell group”, “Ostex ttz”, “Rainbow-teks” MCHJga uning aloqasi yo‘qligini, bu zavod unga tegishli emasligini, A.Urunbayev shu kunga qadar zavod unga tegishli deb, unga tuhmat qilayotganini ma’lum qilgan. 

Uning aytishicha, kredit qarzi muddati 2027 yil sentyabr oyiga qadar 7 marta noqonuniy uzaytirilganiga uning aloqasi yo‘q. 

7 qavatli uyni qurib bergan “Beltepa master stroy” MCHJ ta’sischisi uning qaynotasi A.Karimov bo‘lganini tergov boshlanganidan so‘ng bilgan, bunga qadar ushbu holatdan uning xabari bo‘lmagan, qurilishda qaynota Karimov nima vazifani bajarganini bilmagan emish.

Jahon banki investitsiyasi-chi? Bu pullarning ham isrof bo‘lishiga Voitov o‘zining aloqasi yo‘qligini aytmoqda.

“O‘zdonmahsulot” AKga qarashli binoni demontaj qilib qaytadan ta’mirlash uchun Farmoyish loyihasini tasdiqlatish uchun Prezident Administratsiyasiga yuborib, Administratsiyadan e’tiroz mavjud emasligi bo‘yicha xat kelganligini, Farmoyish loyihasida “Shipland” MCHJ pudratchi bo‘lishi va qurilishni moliyalashtirish manbasi ham ko‘rsatilgan bo‘lganini, binoni Jahon banki mablag‘i hisobidan rekonstruksiya qilmoqchi bo‘lishganini, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Farmoyish loyihasini o‘zida olib qolib, unga Bosh vazirga o‘zi imzolatishini aytganligini, shuningdek, undan “Binoda ta’mirlashni boshlayveraylikmi” deb so‘raganida, u sekin ta’mirlatishni boshlashi mumkinligi uchun olib kirishini aytganligini, lekin Farmoyish imzolanmasdan qolib ketganligini, bunga qadar “Shipland” MCHJ tomonidan bino to‘liq demontaj qilib bo‘linganligini, bino to‘liq demontaj qilinmasidan oldin loyiha bo‘yicha bino fasadini oyna bilan qoplash ishini ko‘rmoqchi bo‘lib, oyna qo‘ydirish uchun fasaddagi betonlarni olib turishni aytganligini, biroq, u viloyatdan xizmat safaridan qaytib kelguniga qadar “Shipland” MCHJ tomonidan bino to‘liq demontaj qilib bo‘linganligini, Farmoyish loyihasi chiqmasdan turib Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev aytganiga ishonib, binoni demontaj qilinganidan chuqur afsusdaligini bildirgan. Biroq, unga qo‘yilgan ayblovdagi bino narxiga qo‘shilmasligini, agar imkoniyat berilsa, binoni oldingi holatiga keltirish uchun harakat qilib qaytadan rekonstruksiya qilib berishini va’da qilgan.

“Termiz Gold Kapital” MCHJ, “Buyuk Javohir Timsoli” FXga Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tomonidan qarz ajratilishidagi noqonuniy harakatlarga aloqasi yo‘qligini bildirgan. U qarz bo‘yicha agentlik direktori Karimovga topshiriq bergan bo‘lsa-da, unga belgilangan tartibda qarz ajratishni tayinlaganligini, “noqonuniy yo‘l bilan qarz ajrat” deb topshiriq bermaganligini, u X.Karimovga “qarz mablag‘i ajratish masalasini ko‘rib chiq” deb aytgan jamiyatlar va fermer xo‘jaliklarga viloyat hokimligi mansabdor shaxslari tavsiya berganini ochiqlagan. 

“Tavsiya qilingan jamiyat va fermer xo‘jaliklarini ko‘rib chiq” deb aytganman, lekin aynan “Termiz Gold Kapital” MCHJ, “Buyuk Javohir Timsoli” FXni aytganimni eslay olmayman. “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti” rahbari R.Nizomov menga kartoshka navini yaratish uchun mablag‘ zarurligini aytib, ushbu masalada yordam berishni so‘ragani uchun X.Karimovni chaqirib, belgilangan tartibda “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti”ga qarz mablag‘i ajratishni tayinlaganman, biroq, aynan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-225-sonli Qarori doirasida mablag‘ ajratish haqida aytmaganman”, deya ko‘rsatma bergan Voitov.

Ochiq sud majlislarida Voitovning qarindoshlari bilan o‘zaro suhbatimiz davomida ham bu ishda uni shunchaki “kraynik” qilib qo‘yishganini aytishgan edi. O‘shanda kimlar “kraynik” qilishgani haqidagi savolimiz ochiq qolgandi. Ammo baribir tergovchi Aziz Voitovning ko‘rsatmalariga ishonmagan.

“Garchand e’lon qilingan ayblovga ayblanuvchilar Voitov Aziz Botirovich va Rajabov Orzubek Otabayevichlar qisman iqrorlik bildirib, ayblanuvchi Urunbayev Alisher Fazliddinovich o‘z aybiga iqror emasligini bildirib ko‘rsatuv berishgan bo‘lsa-da, ularning aybi ish bo‘yicha to‘plangan guvohlar va fuqaroviy da’vogarlarning ko‘rsatuvlari hamda dalillar majmui bilan to‘la hajmda o‘z tasdig‘ini topgan”, deyiladi dastlabki xulosada.

Ammo biz mazkur video orqali Voitovni jinoyatchi, aybdor bemoqchi emasmiz. Shunday yoki shunday emasligini  tez orada sudning o‘zi aniqlaydi. 7 oydan beri davom etayotgan birinchi instansiya sudida qaysi ayblovlar o‘z tasdig‘ini topganu qaysilari yo‘q, afsuski buni ko‘rish, kuzatish imkoniyatidan mahrummiz. Maqsadimiz jinoyat ishi o‘zi nima haqidaligi, Voitovga qanday ayblar qo‘yilgani, kimlar bu ishga aloqadorligi va “davlat siri” deya tus berilgan ammo aslida “davlat puli” haqidagi jinoyatning tafsilotini aytishdir.

Zero, xalqning o‘z mansabdorlari haqida, o‘z pullari haqida bilishga haqqi bor.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Ohangaron Usmon Rahimov Aziz Voitov Abdurahmon Tashanov Qishloq xo'jaligi vaziri instantsiya sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing