“Zamministr”ning qizi ozodlikda, fuqaro qamoqqa olindi – Tashanov
Jamiyat
−
21 Oktabr
21289“Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining sobiq o‘rinbosari Alisher To‘rayevning 9,95 milliard so‘mlik soxta shartnomalar ortidan davlat mablag‘larini talon-toroj qilib, 5 yil-u 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan qizi Anais To‘rayeva ayni paytda ozodlikda yurgani, lekin sud fuqarolarni jinoyatchiga aylantirganini aytdi. Bu haqda huquq faoli o‘zining Facebook sahifasida post qoldirdi.
Tashanovga ko‘ra, 2021 yilda ToshMI oldidagi dorixonalarning biridan “Reduksin” ozdiruvchi preparatini sotib olgan, homiladorligi uchun uning bir qutisini ichib, qolganini e’lon orqali 450 ming so‘mga sotgan. Sud 2, 3 va 5 yoshdagi uch nafar farzandning onasi M.D. ni 2 yilga ozodlikdan mahrum qilib, sud zalidan qamoqqa olgan.|
“Uyida foydalanilmay qolgan 3 quti “Reduksin”ni Telegram orqali e’lon berib, xaridordan o‘zining plastik kartasiga tushirib olgan juvonni Buxoro viloyati Olot tumani sudi psixotrop dori sotuvchi jinoyatchiga aylantirdi. Xullas, postimdan so‘ng turli rasmiy idoralarning tushuntirishlari, bechora juvonni go‘rdan olib, go‘rga tiqadigan izohlari chiqsa kerak, hammasini tasavvur qilib turibman. Chunki Olot sudidagi noinsoflarning boshida shular turibdi, o‘tgan gal aytganimdek, tizimda gangrena boshlangan allaqachon. Xonimlar, agar eringiz yoki otangiz “zamministr” yoki kattaroq amaldor bo‘lmasa, ozdiruvchi preparatlar ichmang. Qaddi-qomatingiz o‘rtacha bo‘lsa ham ozodlikda yurishga nima yetsin”, deya yozgan Abdurahmon Tashanov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirining sobiq o‘rinbosari Alisher To‘rayev, uning qizi Anais To‘rayeva va Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi sobiq hisobchisi Mansur Qo‘zibekovga nisbatan hukm o‘qilgandi.
2021 yil sentyabr oyida Alisher To‘rayevning o‘g‘liga tegishli bo‘lgan De Nova Agro kompaniyasi 1 million dona uzum ko‘chatini yetkazib berish bo‘yicha 9,95 milliard so‘mlik tenderda g‘olib bo‘lgan. Sud qaroriga ko‘ra, amalda bu ko‘chatlar markazga yetkazib berilmagan bo‘lsa-da, mahsulot qabul qilingani haqida bir nechta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilib, mablag‘lar o‘tkazib berilgan. Alisher To‘rayev o‘z aybiga qisman iqror bo‘lgan.
Sud sobiq vazir o‘rinbosarini Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) bilan aybdor deb topdi va 2 yil muddatga davlat tashkilotida rahbarlik, moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Mansur Qo‘zibekov shu kabi moddalar uchun 5 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Anais To‘rayeva Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28-moddani qo‘llagan holda 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (mansab soxtakorligida sheriklik) bo‘yicha 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Hukm ijrosi 2027 yilning 8 iyuliga – 2024 yilning iyul oyida tug‘ilgan o‘g‘li uch yoshga to‘lguniga qadar kechiktirilgan.