Tashanov sudda yutqazdi. Undan ma’naviy zarar undiriladi

3-sahifa

image

Kecha, 23 may kuni Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Toshkent davlat yuridik universitetining ikki nafar professor-o‘qituvchisi hamda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga oid sud ishi yakunlanib, hal qiluv qarori chiqarildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Ish sudya Behzod Sagatov raisligida yopiq tarzda ko‘rib chiqildi. Da’vogarlar – Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilari R.A. va O.N. huquq faoli Abdurahmon Tashanovni joriy yilning 28 fevral kuni Facebookʼdagi sahifasida e’lon qilgan “Sizga achinaman, janoblar!” nomli posti sababli sudga bergan. Ushbu post ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishini da’vo qilgan. 

Sud qarori bilan da’vogarlarning arizasi qisman qanoatlantirildi, Tashanovning posti professor-o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgan deb topildi va inson huquqlari faoliga posti uchun uzr so‘rab, raddiya berish majburiyati yuklandi.

Shuningdek, sud qarori bilan Abdurahmon Tashanovdan da’vogar R.A. foydasiga 25 mln so‘m ma’naviy zarar va 787 ming so‘m sud xarajatlari, da’vogar O.N. foydasiga 25 mln so‘m ma’naviy zarar hamda davlat foydasiga 750 ming so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.

“Suddan chiqdik. Yuridik universitet o‘qituvchilari foydasiga 50 million so‘m ma’naviy zarar,  davlat boji va boshqa xarajatlarni to‘laydigan bo‘ldim. Sudning aytishicha, ishda haqorat yo‘q, ammo kamsitish bor ekan”, deb yozdi Tashanov Facebook'dagi sahifasida. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yagona mustaqil inson huquqlari tashkiloti – “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati Fransiyaning “Ozodlik-Tenglik-Birodarlik” mukofoti bilan taqdirlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Abdurahmon Tashanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing