Tanzila Norboyeva portlashdan jabrlanganlarga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2023 4234 2 daqiqa
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlash oqibatida zarar ko‘rgan o‘zbekistonliklarga parlament yuqori palatasi nomidan hamdardlik bildirdi. Bu haqda u bugun, 29 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 45-yalpi majlisi o‘z ishini boshlashi oldidan so‘z ochdi.
Norboyeva Prezidentning topshirig‘iga binoan holat bo‘yicha Hukumat komissiyasi ish boshlagani, hozirda komissiya holat sabablarini o‘rganish va talafotlarni bartaraf etish, jumladan jabrlanganlarga har taraflama yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora ko‘rayotganini aytgan.
“Ishonamizki, tez fursatlarda hodisa oqibatlari to‘liq bartaraf etiladi. Fursatdan foydalanib, bunday og‘ir damlarda matonat ko‘rsatayotgan qutqaruvchilar – harbiylar (FVV, IIV, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya xodimlari ), shifokorlar, qolaversa, jabrlanganlarga beminnat yordam qo‘lini cho‘zayotgan fidoyi hamyurtlarimizga hamda volontyorlik harakatiga barcha senatorlar nomidan minnatdorchilik bildiramiz”, degan Senati raisi.
Eslatib o‘tamiz, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.
Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi.
Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etildi va voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga oldi. Shahar hokimi yetkazilgan moddiy zarar qoplab berilishini ma’lum qildi.
Kechga borib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva portlashdan jabrlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Live
Barchasi