Tanzila Norboyeva Boysunda halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
20 Sentabr
5500Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) konidan vodorod sulfid gazi sizib chiqishi oqibatida halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda u bugun, 20 sentyabr kuni Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida so‘z ochdi.
“1 sentyabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konidan burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt, ya’ni vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatildi. Bu bugungi kunda jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lib turgan masala. Hammamiz buni eshitdik. Shu munosabat bilan vafot etgan fuqarolarimiz bor. Ularning yaqinlariga sabr tilaymiz. Ularning oilalari davlatimiz, Prezidentimiz nazoratida. Buni hammalaringiz eshitdingiz. Ularning ta’minoti masalasida alohida topshiriq ham bo‘lgan. Shu masalada biz ham hamdardligimizni bildiramiz”, dedi Norboyeva.
Ma’lumot uchun, 1 sentyabr kuni “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib bordi. 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatildi.
17 sentyabr kuni tushdan keyin gaz konida yana vodorod sulfid sizib chiqishi yuz berdi. 18 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev mazkur holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etganini aytdi. Shu kuni Boysun tumani “Ko‘lqamish” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev ishtirokidagi brifingda esa halok bo‘lganlar 4 kishini tashkil etishi, 11 nafar fuqaro esa tan jarohati olib, shifoxonaga yuborilgani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi