“M-25” konidagi avariyani jilovlash boshlandi
Jamiyat
−
17:06 2731 2 daqiqa
Bugun, 15 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konidagi avariyaviy quduqni yopish bo‘yicha amaliy ishlar rasman boshlandi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu munosabat bilan “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov, Boysun tuman hokimi Bahodir Shukurov va boshqa mahalliy darajadagi mutasaddilar konga borib “Kofrun” qishlog‘i faollari hamda mazkur loyihada ish boshlayotgan Xitoyning CNPC korporatsiyasi mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Unda loyihaning ahamiyati, avariyaviy quduqlarni yopishda oylar kesimida bajariladigan muhim chora-tadbirlar haqida batafsil tushuntirishlar berilgan. Mahalliy aholi bilan samimy suhbat tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani “Kofrun” MFYda joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. 2025 yilning 11 iyun kuni ham “Kofrun” MFYda joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasiga qarashli 202-sonli quvurda sodir bo‘lgan texnik nosozlik sabab vodorod sulfidi otildi. Joriy yilning fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda “Mustaqillikning 25 yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilganini ma’lum qildi.