Boysunda yana vodorod sulfidi otildi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumani “Kofrun” MFYda joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasiga qarashli 202-sonli quvurda sodir bo‘lgan texnik nosozlik sabab vodorod sulfidi otilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyat Ekologiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda boshqa mutasaddi idoralar o‘rganish ishlari olib borilgan. 

O‘rganish jarayonida joriy yilning 8 iyun kuni “Kofrun” MFYdagi jami 5 ta nuqtada soat 08:00 dan 11:00 gacha turli o‘lchov uskunalari orqali atmosfera havosidagi vodorod sulfid (H₂S) gazi miqdori nazorat qilingan.

Jumladan, avariya sodir bo‘lgan quduq atrofida (500 m), sharqiy, g‘arbiy va shimoliy yo‘nalishlarda 1000 m dan 3000 m gacha bo‘lgan masofalarda hamda “Kofrun” MFYda (1500 m) olib borilgan o‘lchov natijalariga ko‘ra, barcha nuqtalarda vodorod sulfid darajasi me’yordan oshmagani aniqlangan. 

Holat yuzasidan ishchi guruh tomonidan atmosfera havosini o‘rganish va monitoring qilish ishlari hududda doimiy ravishda olib borilishi belgilangan. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 sentyabr kuni aynan ushbu mahalladagi “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib borgan. 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgandi. 18 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hududdan yuqori konsentratsiyadagi vodorod sulfid chiqmayotganini aytdi va yuzaga kelgan vaziyat ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik holat ekanini ta’kidlagandi. Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev esa holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etganini aytgan. Keyinroq esa hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro vafot etgani ma’lum bo‘ldi. 11 nafar fuqaro esa tan jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan. 17 sentyabr kuni ham soat 16:00 larda konga qarashli 604-son quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

Boysun Mustaqillikning 25 yilligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing