Turkiyadagi konda portlash yuz berdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
14:48 581 1 daqiqa
Turkiyaning shimolidagi ko‘mir konida portlash sodir bo‘lishi oqibatida ikki nafar ishchi halok bo‘ldi, besh kishi jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa bugun, 23 oktyabr kuni Qora dengiz sohilidagi Zonguldak viloyatining Kilimli shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Portlash sababi hozircha ma’lum emas. Voqea joyiga tibbiyot xodimlari va qutqaruvchilar yuborilgan.
Zonguldak viloyati gubernatori Usmon Hojibektasho‘g‘luning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, jarohatlanganlarning ikki nafari og‘ir ahvolda. Ularning biri davolanish uchun poytaxt Anqaraga olib ketilmoqda.
Qayd etish joiz, Turkiyada konlardagi baxtsiz hodisalar tez-tez uchrab turadi. Mamlakat tarixidagi eng yirik kon fojialaridan biri 2014 yilda Soma shahridagi ko‘mir konida yuz bergan yong‘in bo‘lib, unda 301 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kolumbiyaning janubi-g‘arbidagi Narinyu provinsiyasida ruxsatsiz faoliyat yuritayotgan ochiq oltin koni qulashi oqibatida kamida 14 nafar konchi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi