Qoraqalpog‘istonda oltin qazib olish va qayta ishlash klasteri tashkil etiladi

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘istonda 1 ming ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 19 sentyabr kuni Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston hududining atigi 20 foizida geologiya ishlari o‘tkazilgan. Yirik investorlar kelayotgan bir paytda xomashyo zaxiralari bo‘yicha ma’lumotlar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Xitoylik investor Qorao‘zakdagi “Urusoy” koniga 33 million dollar sarmoya va texnologiya olib kirib, 200 gektarda 4 tonna oltin zaxirasini aniqlagan. Bu yerda 320 ta ish o‘rni yaratilgan.

Bir oyda investorlar ko‘targan masalalarni hal qilib, 1 ming ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, kompleks geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqib, konlar zaxiralarini qayta baholash topshirilgan.

Qo‘ng‘irotdagi “Borsa kelmas” konidan har yili 1 million tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda. Bo‘zatovdagi “Kuskanatau” konida mirabilitni qayta ishlab, yiliga 45 ming tonna natriy sulfat, astraxanitdan esa magniy sulfat olish mumkin.

Germaniya kompaniyasi Beruniydagi kvarsit koniga 30 million dollar kiritib, kristall kremniy ishlab chiqarish va yiliga 25 million dollarlik eksportni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Jahon bozorida bir tonna kristall kremniy 5,5 ming dollar turadi.

Kimyo sanoati mutasaddilariga dastlabki 400 million dollarlik rejaga qo‘shimcha 200 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish va 5 ming ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing