Tailandda ustozini o‘ldirgan o‘quvchi bobosi va buvisini ham otib tashlagani aniqlandi

Olam

image

Avvalroq, Tailandda 14 yoshli o‘smir maktabda o‘qotar qurol bilan o‘t ochib, o‘qituvchisini otib o‘ldirgani va keyin o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgan edi. Tailand politsiyasi esa uni maktabga borishidan avval bobosi va buvisini ham o‘ldirganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida jami 8 kishi halok bo‘lgan.

Hodisa Bangkok shahrining shimoli-g‘arbidagi nufuzli Debsirin Nontxaburi maktabida yuz bergan. Otishma oqibatida 30 dan ortiq kishi jarohatlangan, ulardan 9 nafarining ahvoli og‘ir.

Maktabdagi ingliz tili o‘qituvchisi Prompong Namvongning aytishicha, voqea sodir bo‘lgan paytda u odatdagi ish kuni bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shu vaqtda boshqa sinfdan vahimaga tushgan o‘quvchi uning xonasiga yugurib kirib, yashirinish uchun joy izlagan. Zalda esa o‘qituvchilar pastki qavatda ommaviy otishma sodir bo‘layotganini aytib baqirgan.

O‘qituvchi 14 yoshli gumondorni o‘z sinfxonasi oldidan yugurib o‘tayotganini ko‘rgan.

“O‘sha paytda, albatta, o‘laman deb o‘yladim”, degan u voqeani eslar ekan.

14 yoshli gumondor kamida 26 marta o‘q uzgani, uning yonidan yana 34 dona o‘q-dori topilgani aytilmoqda. Qurol uning bobosiga tegishli bo‘lgan.

O‘quvchilar maktabdan evakuatsiya qilinayotgan paytda oyoq kiyimlarini yechib, paypoqda yugurgan. Ularning poyabzallari sinfxonalar, zinapoyalar va boshqa joylarda qolib ketgan.

Otishma vaqtida maktabda bo‘lgan san’at o‘qituvchisi Pichanan Txiyengtxam dastlab ovozlarni o‘q ovozi deb o‘ylamaganini aytgan.

“O‘q ovozlari juda ko‘p edi va uzoq vaqt to‘xtamasdan davom etdi. Avvaliga bu qurol ovozi ekaniga ishona olmadim”, degan u.

Voqea joyiga yetib kelgan tez yordam xodimi Kiatikun Verapongpraditxning aytishicha, uning jamoasi otishma davom etayotgan paytda maktabga yetib borgan. Ular orqa, ko‘krak va qo‘l qismlaridan jarohatlangan o‘quvchilarga yordam ko‘rsatgan.

“Biz maktabning yuqori qavatida halok bo‘lgan erkak o‘qituvchini topdik. Boshqa xonada esa ko‘kragi va qo‘lidan yaralangan ayol o‘qituvchi bor edi”, deya voqeani tasvirlagan tez yordam xodimi.

Tailand Bosh vaziri Anutin Charnvirakul mamlakatda qurol saqlash va olib yurish bo‘yicha yangi qonunlar joriy etilishini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, yangi tartib hukumatning xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlaridan boshqa shaxslarning qurol olib yurishini cheklashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning shimolidagi Shtade shahrida joylashgan Yoshlar ijtimoiy ta’minoti muassasasida sodir bo‘lgan otishma oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing