Suriyaga dronlar hujum qildi. 100 ga yaqin qurbonlar bor
Olam
−
06 Oktabr 2023
5166Kecha, 5 oktyabr kuni Suriya g‘arbidagi Xoms shahridagi harbiy kollejga dronlar hujum qilishi oqibatida 80 kishi halok bo‘lib, 240 kishi jarohatlandi. Bu haqda SANA xabar berdi.
Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SONR) ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari olti ayol va olti bola halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ba’zi manbalar hujum oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘lganini aytmoqda.
Hujum harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlari ishtirok etgan bitiruv marosimida sodir bo‘lgan. Ushbu marosimda Suriya Mudofaa vaziri Ali Mahmud Abbos ham qatnashgan. E’tiborlisi, u dron hujumidan bir necha daqiqa oldin tadbirni tark etgan.
Hozircha hech bir guruh sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Suriya hukumati qurbonlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Isroil samolyotlari Suriyaning Aleppo (Xalab) xalqaro aeroportiga raketa hujumi, 30 martda esa Damashq yaqinidagi nishonlarga havo hujumi uyushtirgandi. 29 aprelda Isroil armiyasi Suriyaning Xoms viloyatidagi bir qator nishonlarga yana raketa uchirdi. Oqibatda uch nafar tinch aholi halok bo‘ldi. Isroil rasmiylari esa an’anaga sodiq qolgan holda bu borada bayonot berishdan o‘zini tiygan. 14 iyunda Isroil harbiy-havo kuchlarining ikkita F-15 taktik qiruvchi samolyoti bosib olingan Golan tepaliklari havo hududidan Suriya poytaxti Damashq yaqinidagi ob’ektlarga to‘rtta masofadan turib boshqariladigan aviabombalar bilan hujum qildi.
25 iyun kuni Rossiya samolyotlari Suriyaning Idlib viloyati Jisr ash-Shugur shahri markazidagi sabzavot bozorini o‘qqa tutdi. 2 iyulda Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari mamlakatning markaziy qismlari bo‘ylab Isroil tomonidan berilgan raketa zarbasini to‘xtatdi va raketalarning aksariyat qismini urib tushirdi.
6 avgust kuni Livanning “Al-Akhbar” gazetasi AQSH boshchiligidagi koalitsiya Suriyadagi o‘z ta’sir zonasida qo‘shinlarni qayta to‘plashga tayyorlanayotganini yozdi. Ertasi kuni Isroil Suriya poytaxti Damashqdagi harbiy ob’ektlarga havo hujumi uyushtirdi.
LiveBarchasi
26 noyabr