Suriyadagi terror tashkilot a’zosi bo‘lgan namanganlik yigitga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
22 Sentabr 2023
10228Suriyadagi terror tashkilot a’zosi bo‘lgan namanganlik 36 yoshli erkak 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 21 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1- va 2-qismlari, 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bilan ayblanayotgan fuqaroga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud materiallariga ko‘ra, 1987 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan fuqaro 2016 yil 6 sentyabr kuni yaqin do‘stining taklifi bilan Turkiyaning Istanbul shahriga borgan. Bir yildan so‘ng Istanbuldan Suriyaga o‘tib, “Xay’at Taxrir Shom” xalqaro terroristik tashkilotiga qo‘shilgan. U yerda 2017 yilning dekabr oyiga qadar terrorchilarni tayyorlash lagerida jangavor tayyorgarlik o‘tagan.
2018 yil sentyabr oyida esa terroristik tashkilot safini kengaytirish uchun Turkiyaga qaytgan va 2022 yil dekabr oyiga qadar bir guruh shaxslarni yollab, ularni Suriyaga jo‘natishni tashkillashtirgan.
Sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining yuqorida keltirilgan moddalari bilan uzil-kesil 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyadagi “Katibatul Imom al-Buxoriy” xalqaro terrorchilik tashkilotining o‘zbekistonlik yetakchisi jangovar harakatlar vaqtida o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan o‘zbekistonlik 23 yoshli yigitga nisbatan qidiruv e’lon qilingandi.
LiveBarchasi