Suriyada Asadning amakivachchasi hibsga olindi
Olam
−
01 fevral 6257 2 daqiqa
Suriyaning muvaqqat hukumati kuchlari sobiq prezident Bashar Asadning amakivachchasi Atef Najibni hibsga oldi. Bu haqda “Syria TV” xabar berdi.
Suriyaning Latakiya viloyati Jamoat xavfsizligi boshqarmasi direktori, podpolkovnik Mustafo Knefatining so‘zlariga ko‘ra, Najib Suriya xalqiga qarshi jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan va uning hibsga olinishi mamlakatda qonunbuzarliklarni tergov qilish va mintaqada xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlash choralari doirasida amalga oshirilmoqda.
Najib Latakiya viloyatida qo‘lga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Bashar Asad hukmronligi davrida janubiy Dara viloyatining Siyosiy xavfsizlik boshqarmasi rahbari lavozimida ishlagan.
Qayd etish joiz, Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilishi va mamlakatda Asadlar sulolasiga barham berilishi fonida Bashar Asadning amakivachchasi Sulaymon Hilol Asad Latakiya shahri maydonida qatl qilingan edi. Shuningdek, Livan hukumati Bayrutning Rafiq Haririy nomidagi xalqaro aeroportida Bashar Asadning amakivachchasi Duraid Asad, uning rafiqasi va qizini soxta pasport bilan mamlakatni tark etishda ayblab hibsga olgandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Suriya muxolifati qurolli guruhlari mamlakat g‘arbida o‘sha paytdagi hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlagan edi. Ular qisqa fursatda shaharlarni qo‘lga kiritib, Damashqqa yetib bordi. 2024 yil dekabr oyida muxolifat kuchlari Damashqni ham egalladi va Suriya armiyasi qo‘mondonligi Asad hukmronligining tugaganini e’lon qildi.
Shundan so‘ng, Bashar Asad hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish to‘g‘risida ko‘rsatma berib, mamlakatni tark etgan va Rossiyadan boshpana oldi. 29 yanvar kuni Suriya ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilindi.
Live
Barchasi