Starlink hech qachon Ukrainadagi terminallarini yopmaydi – Mask
Olam
−
10 mart
1997Amerikalik milliarder Ilon Mask Starlink sun’iy yo‘ldosh xizmati Ukrainada ishlashda davom etishini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 9 mart kuni Mask Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasida mojaro kelib chiqqan X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Dastlab milliarder o‘zining Starlink tizimi “Ukraina armiyasining tayanchi” ekanini va agar xizmat o‘chiriladigan bo‘lsa, Ukraina fronti butunlay qulab tushishini ta’kidlagan.
Bunga javoban Polsha Tashqi ishlar vaziri Sikorskiy Starlink'ka Ukraina uchun Polsha Raqamli texnologiyalar vazirligi to‘lov qilishi va bu Varshavaga yiliga 50 million dollarga tushishini ma’lum qildi.
“Agar SpaceX ishonchsizligini isbotlasa, biz boshqa yetkazib beruvchilarni qidirishga majbur bo‘lamiz”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ilon Mask esa Sikorskiyning izohiga keskin javob berdi:
“Jim bo‘l, kichkina odam. Siz xarajatlarning faqat kichik qismini to‘laysiz. Starlink o‘rnini bosadigan narsa yo‘q”.
Keyinchalik u Kiyev siyosatiga rozi bo‘lmaganiga qaramay, Ukrainadagi Starlink terminallarini o‘chirmasligini va bundan bosim vositasi sifatida foydalanmasligini ta’kidlagan yana bir post yozdi.
X'da Mask va Sikorskiy o‘rtasidagi janjalga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham qo‘shilib, vazirni yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybladi.
“Hech kim Ukraina uchun Starlink'ni yopish bilan tahdid qilmadi. Rahmat aytish kerak. Starlink bo‘lmaganida, Ukraina urushda allaqachon mag‘lub bo‘lgan va rus qo‘shinlari allaqachon Polsha bilan chegarada turgan bo‘lar edi”, dedi Rubio.
Qayd etish joiz, fevral oyi oxirida, agar tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan Starlink interneti Ukrainada yopilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. “Reuters” xabariga ko‘ra, AQSH Prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg, agar nodir metallar bo‘yicha kelishuv imzolanmasa, Kiyevdagi muzokaralarda Starlink kompaniyasi “tez orada yopilishi” bilan tahdid qilgan. Keyinchalik Mask buni rad etdi.
Ayni paytda Yevropada Ukrainadagi Starlink’ni muqobil operator bilan almashtirish haqida munozaralar davom etmoqda. “Reuters” xabariga ko‘ra, Franko-Britaniya Eutelsat guruhi Ukrainadagi Starlink o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan OneWeb sun’iy yo‘ldoshlari haqida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar olib bormoqda.
“Biz Ukrainaning sa’y-harakatlarini kuchaytirishga qanday hissa qo‘shishimiz mumkinligi haqida Yevropa Ittifoqi bilan fikr almashmoqdamiz”, deydi Eutelsat vakili.
U kompaniyaning mintaqadagi ba’zi ilovalar uchun mos bo‘lgan geostatsionar sun’iy yo‘ldosh quvvatiga ega ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Ta’kidlash joiz, Yevropa Ittifoqi avvalroq Ukraina bilan Govsatcom’dan Starlink’ga mumkin bo‘lgan muqobil sifatida foydalanish imkoniyatini muhokama qilgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

