Vashington Ukrainaning Starlink'ga kirishiga to‘sqinlik qilish bilan tahdid qilmoqda – “Reuters”
Olam
−
22 fevral 2025 6142 3 daqiqa
AQSH hukumati Ukrainani amerikalik tadbirkor, SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Maskning Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tizimiga kirishni to‘sib qo‘yish bilan tahdid qildi. Bu haqda kecha, 21 fevral kuni o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu masala AQSH Moliya vaziri Skott Bessantning o‘tgan hafta Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga kelishuv loyihasini taqdim etganida ko‘tarilgan va u taklifni rad etgan. Keyinroq Zelenskiy va AQSH Prezidentining maxsus elchisi Kit Kellogg o‘rtasidagi uchrashuvda Ukrainaning Starlink'ga kirishi mavzusi tilga olingan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi uchrashuv chog‘ida Ukraina tomoniga foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, xizmat “muqarrar” to‘xtab qolishiga duch kelgani aytilgan.
“Ukraina Starlink ustida ishlamoqda. Ular buni o‘zlarining shimoliy yulduzlari deb biladi. Starlink'ning yo‘qolishi Ukraina uchun katta zarba bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi “Reuters” manbasi.
Harbiy harakatlar boshlanganidan beri Ukraina harbiylari Starlink'dan harbiy aloqalar, uchuvchisiz samolyotlar, qayiqlar va boshqa maqsadlarda foydalanmoqda. 2023 yil apreliga kelib Ukraina tomonida 42 ming terminal mavjud edi. Bir qator Ukraina terminallari xavfsizroq versiya – Spaceshield'ga ulangan. 2024 yilning oxirida Pentagon SpaceX bilan ushbu versiyaga kirish imkoniyatini kengaytirish uchun shartnoma tuzdi.
Ba’zi hollarda SpaceX “mojaroning kuchayishiga” yo‘l qo‘ymaslik uchun Ukraina Qurolli kuchlari uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh internetining ishlashini chekladi. Masalan, Mask 2022 yilda Ukraina harbiylariga Qrim mintaqasidagi Starlink internet sun’iy yo‘ldoshlariga kirishni ta’minlamagan. U buni AQSH sanksiyalarini buzmaslik uchun qilgani bilan izohladi.
O‘tgan yilning kuzida Zelenskiy o‘zining “g‘alaba rejasi”da AQSHga Ukraina resurslarini birgalikda ishlab chiqishni taklif qilgan edi. Fevral oyi boshida AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaning noyob tuproq metallarini Vashingtondan davom etadigan harbiy yordamga almashtirishni taklif qilgan edi. U kelishuv hajmini 500 milliard dollarga baholagan.
NBC manbalarining ta’kidlashicha, AQSH ularga Ukrainadagi noyob yer minerallarining 50 foiziga egalik qilish huquqini berishni taklif qilgan. “The Economist”ning yozishicha, Bessant Zelenskiyga bu haqda o‘ylash uchun bir soat vaqt bergan edi. Tomonlar hali kelishuvga erishmagan. Zelenskiy AQSH taklifi Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olmaganini tushuntirdi.
Tramp Kiyevni kelishuvni buzganlikda aybladi va kelishuv bo‘lmasa, AQSH va Ukraina “ko‘p muammolarga” duch kelishi bilan tahdid qildi. U “qisqa muddatda” Kiyevning AQSHga 400-500 milliard dollar kompensatsiya to‘lash majburiyatlari bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilganini qo‘shimcha qildi. “Financial Times” ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga tegishli bo‘lgan eng muhim minerallarning qiymati 11,5 trillion dollarga yetadi. “The Washington Post” va “The Telegraph” gazetalarining ta’kidlashicha, kelishuv miqdori AQSHning Kiyevga yordami uchun sarflagan xarajatlaridan sezilarli darajada oshadi.
Zelenskiyning yordamchilari “Tramp bilan keyingi to‘qnashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik va AQSH Prezidentiga Qo‘shma Shtatlarning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini oqlashiga imkon berish” uchun taklifni qabul qilishni maslahat bergan. “The Wall Street Journal”ning yozishicha, tomonlar bugun, 22 fevral kuni kelishuvga erishishi mumkin, ammo kelishuv hali tayyor emas.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 21 fevral kuni “Fox News radio” bilan suhbatda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya urushini tugatish to‘g‘risidagi muzokaralarda ishtirok etishi unchalik muhim emasligi aytgandi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral