SSV go‘dakni qo‘g‘irchoqdek har ko‘yga solgan kimligini aniqlashga kirishdi
Jamiyat
−
06 iyul 2022
15935Avvalroq, o‘rta yoshli erkak taxminan bir yoki ikki yashar chaqaloqni stolga yotqizib, turli harakatlar bilan uning qo‘l-og‘ini ayamay qayirib, beli va boshini ezib, hatto, butun tanasini qayirib, ikki qo‘lidan ushlab xuddi qo‘g‘irchoqni aylantirgandek, chirpirak qilayotgani aks etgan videotasvirlar e’lon qilingan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatiga ko‘ra, vazirlik ayni paytda mazkur holat qayerda va qachon bo‘lgani, uqalash muolajasi kim tomonidan amalga oshirilgani yuzasidan o‘rganish olib bormoqda.
“Vazirlik ayni paytda mazkur holat qayerda va qachon bo‘lgani, uqalash muolajasi kim tomonidan amalga oshirilgani yuzasidan o‘rganish olib bormoqda va uning natijalari bo‘yicha to‘liq ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish kerak, bunday holat ko‘pchilikka begona emas. Xususan, yaqinda shifokor libosidagi erkakning taxminan 2 yasharlar atrofidagi bolani stolga yotqizib, turli og‘ir harakatlar bilan uning qo‘l-og‘ini, qornini ezayotgani, badanini ko‘tarib, stolga urayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi massajchining tegishli na ruxsatnomasi, na sertifikati, na fizioterapiya yo‘nalishidagi diplom va na malaka toifasi yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Qolaversa, vazirlik yuqoridagi holatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qilinganini aytgan. Biroq huquq organlaridan hozircha rasmiy izoh bo‘lmadi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev ham holatga munosabat bildirib, ota-onalardan tegishli litsenziya, ruxsatnoma hamda malakaga ega bo‘lmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmasliklarini so‘ragandi.