SSV chang bo‘roni vaqtida nima qilish kerakligini ma’lum qildi
Jamiyat
−
21 dekabr 2021
6233Avvalroq 21 dekabr shamol tezligi ba’zi joylarda 25-28 metr/sekundgacha kuchayib, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublikaning cho‘l hududlarida chang bo‘roni va g‘uborlar ko‘tarilishi mumkinligini prognoz qilgandi. Ayni paytda O‘zbekistonning ayrim hududlarda ushbu tabiat hodisasi kuzatilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati chang bo‘ronlari vaqtida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 179 ta aholi punktida joylashgan subfiliallari doimiy shay holatda.
Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab 2861 ta tez tibbiy yordam brigadasi zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 17 ming nafarga yaqin shifokor va 52 ming nafardan ziyod hamshiralarga zarur ko‘rsatmalar berilgan.
“Qolaversa, aholi Sog‘liqni saqlash vazirligining "1003" qisqa raqamli Sall-markazi malakali mutaxassislaridan changli havodan qanday himoyalanish bo‘yicha tunu kun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin.
Xususan, bunday vaziyatda nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor yurtdoshlarimizga changli havoda tashqariga chiqmasliklarini tavsiya qilamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
SSVning ta’kidlashicha, xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qo‘yish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.
“Derazalarni yopiq holda saqlash, ko‘proq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi.
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.
Agar yurtdoshlarimizda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlari lozim”, deya aholiga tavsiyalar bergan SSV.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 30 barobar oshdi.
Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.
“O‘zgidromet” kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday changli g‘ubor hodisasi kuzatilmagan. Sinoptiklar 12 noyabrgacha mamlakatda yog‘ingarchilik kutilmayotganini, shu sababli havodagi chang yana bir muddat saqlanib qolishi mumkinligini ma’lum qildi.
Joriy yilning 8 noyabr holatiga esa Toshkentda kuzatilgan qum bo‘ronidan keyin shahar havosi asta-sekin tozalanayotgani ma’lum qilindi.