Tug‘uruqxonadan o‘ligi chiqqanlar
Tahlil
−
22 fevral
9991Yodingizda bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova 2030 yilga kelib mamlakatda onalar va go‘daklar o‘limini 2 baravarga kamaytirishni va’da qilgandi. U 2023 yil yakunlari bo‘yicha bergan hisobotida O‘zbekistonda onalar o‘limi ko‘rsatkichi 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 14,1 foizni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 1 foizga oshganini ma’lum qilgandi.
Onalar o‘limi bo‘yicha raqamlarning 2022 yilga nisbatan o‘sish holatlarini hududlar kesimida tahlil qilgan Bositxonova Samarqand viloyatida onalar o‘limining 7,3 foizdan 12,9 foizga oshganini qo‘shimcha qilgandi, o‘shanda. Butun Respublika qolib, nega aynan Samarqanddagi holatni esladingiz, dersiz. Bugun Samarqand viloyatining bor yo‘g‘i bir tumani va u yerdagi reproduktiv salomatlik, onalar va bolalar o‘limi haqida gaplashamiz. Bu esa – Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani.
Gap shundaki, QALAMPIR.UZ'ga Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidan murojaat kelib tushdi. Bu gal murojaatchilar bir emas, 6 nafar. Ko‘zidagi yoshini tutolmagan onalarning so‘zlariga ko‘ra, aynan Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limida ayollar va bolalar o‘limi juda ko‘paygan. Ammo ularning dardini eshitadigan qizlari va hali tug‘ilmay mozorga kirgan nabiralarining o‘limi sababini ayta oladigan va jinoyat ishi qo‘zg‘atadigan mardlar yetishmayapti, bu tumanda. Pastdarg‘omliklarga ko‘ra, tuman tibbiyot birlashmasida korrupsiya urchigan, bemorlar o‘limi oddiy hol bo‘lib qolgan.
Bugun sizga bir emas besh onaizorning dardini yetkazmoqchimiz. Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida 2023 yilning may oyidan, dekabriga qadar 6 ta ayol, 3 ta tug‘ilmagan chaqaloq vafot etgan desak, ishonasizmi? Bu bizgacha yetib kelgan ma’lumot xolos. Yana qanchadan qancha o‘lim holatlari bo‘lgani bizga qorong‘i.
Xudoyberdiyeva Muhayyo Xayrullo qizi 1997 yil 1 oktyabrda tug‘ilgan. 2023 yil 23 iyul kuni Pastdarg‘om tumani tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limida vafot etgan.
“Qizimni dardi yetilib turgan paytda palataga olib kirish o‘rniga qabulxonada ushlab qolishdi va o‘sha yerning o‘zida bola tug‘ildi. Qizim tug‘ish paytida tobi qochib hushidan ketdi. Uni ko‘rgani kirganimda ahvoli yaxshi edi, birozdan keyin qon ketishni boshladi.
Shifokorlardan chora ko‘rishini so‘rasam, ular qon beradigan odam so‘radi. Ko‘ngillilar topildi, ammo ularning qon guruhini aniqlaydigan shifokor topilmadi. Qizim 4 soat shu ahvolda yotdi. Ana undan keyin uning "matkasi"ni olib tashlash kerakligini aytishdi. Qon ketishi 10:30 larda boshlangan bo‘lsa, 4 soat harakat qilmasdan, kech qolib bo‘lganidan keyin “matkasi"ni olib tashlaymiz” deydi.Shundan keyin doktorlar tipirchilab qizimni reanimatsiyaga ko‘chirdi. Ular aytgan hamma dorini olib keldik. Chamamda soat 16:00 lar atrofida qizimning vafot etganini bildim. Morgdagilar qizimni yormasligi uchun bizdan bir million so‘m miqdorida pul so‘radi, berdik. Uyga kelganda esa baribir qizimni yorishganini ko‘rdim. Xullas, o‘lim sababini “qon quyuqlashib yuragiga tiqilib qoldi”, deb yozib berishdi”, deydi marhuma Muhayyo Xudoyberdiyevaning onasi Zarifa Abdurahmonova.
Qambarova Maftuna G‘ayrat qizi 2000 yilda tug‘ilgan. 2023 yil 18 sentyabr kuni Pastdarg‘om tumani tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limida vafot etgan.
"2023 yil 31 avgust kuni singlimni kelinlik uyidagilar TTBga olib borgan. Tobi qochgani sababli 2 soat kech borgan. Sababi, tez tibbiy yordam mashinasi kechikib kelgan. Yo‘lda ketayotgan vaqtida tutqanoq boshlangan. Biz shifoxonaga borganimizda ayam va meni tanidi, gapirdi. Singlimni shaharga olib ketishimni aytganimda yo bola, yo ona nobud bo‘ladi deyishdi. Shu sababli TTB ning o‘zida qoldirdik. Qon bosimini ham o‘lchamasdan operatsiya xonasiga olib kirib ketishdi. Tezlik bilan operatsiya qilishdi va egizak farzandlari dunyoga keldi. Biz judayam xursand bo‘ldik. Oradan bir soatga yaqin vaqt o‘tdi, ammo singlim haqida ma’lumot berishmadi. Jahl bilan singlim yotgan xonaga kirganimda, apparatlarga ulab qo‘yishgandi.
Kechasi bilan yonida bo‘ldim. Bir qarasam shifokor sun’iy nafas berayotgan ekan. Shifokorlar balg‘am yo‘lini tozalaganini aytishdi. Ertasi kuni bizdan so‘ramasdan ham yon tomondan o‘pkasini teshib shlanka tiqib qo‘ydi. Buni uchun esa o‘pkasidan havo ololmaganini sabab qilib ko‘rsatishdi. Men boshqa shifokor olib kelganimda, u TTBdagi shifokorlar noto‘g‘ri qilganini aytib dorilar yozib berdi. O‘sha dorilarni qabul qilgandan keyin singlim o‘ziga kelib, ko‘zlarini ochdi. Undan keyin esa qon quyishdi. Qon quyilishiga qaramay nafas olish uchun teshilgan tomondan qon chakillab oqishni boshladi. Bir tomondan qon quyadi, bir tomondan oqib ketadi. Kuniga uch martadan qon quydik. Balonda kislorod tashidik. Kislorodsiz juda qiynaldi.
Ikkinchi marta o‘pkani operatsiya qilish jarayonida bizdan rozilik xati olishdi. Ikki soatlik operatsiya o‘tdi. Shundan keyin ham teshib qo‘yilgan joyidan qon ketdi. Ertasi kuni ertalab singlimni uyg‘otishga harakat qilishdi. Ko‘zini ochgani bilan gapira olmadi. Xullas, bir necha kun ketma-ket qon quyildi. Xullas singlim 18 kun shifoxonada yotib oxiri vafot etdi,” deydi marhumaning akasi Humoyun Na’matov.
Har bir ayol homilador bo‘lganida tumandagi oilaviy shifokor tomonidan nazoratga olinadi. Tug‘uruqxonada vafot etgan Maftuna Qambarova va Muhayyo Xudoyberdiyevalarning tug‘uruqdan oldingi holatini bilish maqsadida ular ro‘yxatda turgan Pastdarg‘om TTBga qarashli Xonchorbog‘ oilaviy shifokorlik punktiga bordik. Buni qarangki, savollarga javob beradigan shifokor, hujjatlarni ko‘rsatadigan mas’ullar topilmadi. Shifokorlarga ko‘ra, vafot etgan ayollarning o‘limida qisman ular ham ayblangan va maoshlaridan jarimaga tortilgan. O‘zini tanishtirishni istamagan hamshiralardan biri shunday deydi:
“Bizning punktda ro‘yxatda turadigan ayollar farzandini dunyoga keltirish uchun TTBga borganda vafot etgan. Kaltak bizning boshimizda sindi. Yo‘q joydan maoshimiz qirqildi. Marhumalarni hamma tekshiruvlardan o‘tkazganimizni aytib, anketalarini ko‘rsatsak ham eshitishmadi. Ayb bizga qo‘yildi. Nima uchun bizni oyligimizdan kesib qolishlari va aybdor qilishlari kerak tushunmadik”, deydi hamshiralardan biri.
Zarnigor Baxtiyorova Hamza qizi 2001 yilda tug‘ilgan. 2023 yil 22 dekabrda Pastdarg‘om tumani tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limida farzandi bilan birga vafot etgan.
"2023 yilning 22 dekabr kunida qizim Zarnigorni 38 haftalik homilasi bilan tug‘uruqxonaga olib borishgan. Navbatchi shifokorning loqaydligi sababli soat to‘qqizlarda farzandi bilan vafot etdi. Avvaliga shifokorlar qizimni qabul qilishdan bosh tortgan. Soat o‘nlar atrofida jonlantirish bo‘limiga tushirilgan. Bu paytda qizim klinik o‘lim holatida bo‘lgan. O‘lim sababini esa aniq aytishmadi. Homiladorlik paytida qizim hech narsadan shikoyat qilmagan edi. Birinchi farzandini ham tabiiy yo‘l bilan dunyoga keltirgan”, deydi marhumaning onasi Ra’no Rahmonova.
Zarnigor Baxtiyorova vafot etgani haqida uning oila a’zolari ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilganidan so‘ng, 25 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirgan edi.
"22 dekabr kuni tonggi soat 04:00da Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga olib borilgan ayol qorin qismida dardsimon og‘riq, ko‘ngil aynishi kabi shikoyatlar bilan borgani. Tezkor tibbiy ko‘riklar oqibatida homilador ayolda homilaning 38 haftaligi, chalg‘ituvchi, yolg‘on tug‘uruq belgilari, kam qonlikning o‘rta og‘ir darajasi aniqlangan va belgilangan standartlar bo‘yicha ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, soat 10:35 da vafot etgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, vazirlik marhumada 2022 yil 18 iyul kuni o‘ng kichik boldir suyagi pastki uchligida o‘sma aniqlangani uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganini qistirib ketgan.
Biz, ayol ro‘yxatda turgan Pastdarg‘om TTBga qarashli “Tinchlik” oilaviy shifokorlik punktiga bordik. Oilaviy shifokor Baxtigul Haydarovaning aytishicha, Zarnigor Baxtiyorova yoshligida hech qanday kasallikka chalinmagan. SSV bergan bayonotdagi onkologik kasallik ham uning farzand dunyoga keltirishi yoki homilador bo‘lishi uchun xavfli emas.
“Bizda ro‘yxatda bo‘lgan barchani tibbiy daftarchasi bor. Marhuma Zarnigorning bolalik davridagi hujjatlarini ham ko‘rganmiz. U asorat qoldiruvchi hech qanday kasallikka chalinmagan. Zarnigor 2022 yilda birinchi farzandini dunyoga keltirgan. Homiladorlik va tug‘uruq jarayoni yaxshi kechgan. 2022 yil 3-11 oktyabr kunlari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Keyingi homiladorlikka onkologdan ruxsat olishgan. Tashxisga qaraydigan bo‘lsak bu jiddiy onkologik kasallik emas. Chunki uning oyog‘idagi o‘smasi xavfsiz o‘sma bo‘lgan. Ikkinchi farzandiga homilador bo‘lganidan keyin ham bizga murojaat qilib barcha tekshiruvlardan vaqtida o‘tib yurgan”, deydi oilaviy shifokor.
Yuqorida aytganimizdek, ayollar va bolalarning vafot etish holatlari nafaqat Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limida balki, birlashmaning Go‘zalkent filialida ham bo‘lgan. Tug‘uruqxonada vafot etgan Munisa Sherdonovaning opasining so‘zlariga ko‘ra, u yerda shifokorlar pulingizga qarab muomala qilishadi.
Sherdonova Munisa Abloqulovna 1983 yilda tug‘ilgan. 2023 yil 20 noyabr kuni Pastdarg‘om tumani tibbiyot birlashmasi Go‘zalkent filialida vafot etgan.
“2023 yil 18 noyabr kuni, soat to‘qqizlarda singlimni to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirishi uchun Go‘zalkentdagi tug‘uruqxonaga olib bordik. U yerdagi shifokorlarning barchasi operatsiyaga kirib ketgani uchun kutib o‘tirdik. Soat 15:00 lar atrofida shifokorlar chiqib singlimni ko‘rdi va kechqurun 23:00 larda ko‘zi yorishini aytishdi. Kechqurun tug‘uruqni tezlashtiradigan ukol qildi va soat 12 lar atrofida bola tug‘ildi.
Shu vaqt oralig‘ida singlimga doyalik qilgan shifokor Qosimova 500 ming so‘m suyunchi so‘rab keldi. Men unga 300 ming bera olishimni aytdim, ammo ko‘nmadi. So‘ng mayda-maydalab, umumiy 490 ming so‘m berdim. Pulni to‘liq bermaganim uchun tug‘uruq zalida yotgan singlim va chaqaloqqa qaramay xonasiga kirib ketdi. O‘zi ham, bolasi ham qolib ketdi. Besh daqiqadan so‘ng singlimdan qon ketishni boshladi. Biz esa shifokorga borib singlimizga qarashini aytib yalindik. Shifokor singlimdan qon ketayotganini bila turib unga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘ldi, urib tashladi. Xonadan singlimning baqirgan ovozlari eshitildi. Bu ovozlardan Nuriddin ismli shifokor yugurib keldi, Nazokat ismli hamshira singlimga yordam ko‘rsatganini aytdi, ammo qon hali to‘xtamagandi. Shifokor urganda biror yeri ochilib ketib qolganmi, shifokorlar buni bizga aytishmadi. Qon to‘xtayvermaganidan tungi soat uchda singlimning bachadonini olib tashlash uchun operatsiyaga olib kirishdi. Narkoz tarqagandan keyin singlim o‘zini yaxshi his qilishni boshladi, ammo yana ahvoli yomonlashdi. Keyin qon quyishdi. Afsuski, tongga yaqin singlim olamdan o‘tdi. Bizga nimadan o‘lgani haqida hech kim hech narsa demadi. Lekin shifokor Qosimova bizga yalinib, “hech kimga aytmanglar, nima desanglar bajaraman” dedi”, deydi marhumaning opasi Nigora Sherdonova.
Keyingi murojaatchi shu vaqtgacha Sog‘liqni saqlash vaziridan tortib, Prezident Administratsiyasigacha, Tanzila Norboyevadan Bosh prokuraturagacha murojaat qilgan. 19 yashar qizi va nabirasining o‘lim sababini ham bilolmay sarson ekanini aytayotgan Samiya Mehriddinova, qizi va farzandining o‘limida yuqorida tilga olganimiz Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi Go‘zalkent filiali shifokori Gulnora Qosimovaning ishiga sovuqqonlik bilan qaragani sabab bo‘lganini aytmoqda.
Sadinova Maftuna Eliboy Qizi 2004 yilda tug‘ilgan. 2023 yil 1 iyul kuni Pastdarg‘om tumani tibbiyot birlashmasi Go‘zalkent filialida farzandi bilan vafot etgan.
"2023 yil 1 iyul kuni soat taxminan 11:30larda qizimni qaynotasi Samarqand shahridagi xususiy klinikaga olib borgan. Qizim kerakli ko‘riklardan o‘tgan. Uni va bolalarining sog‘lig‘i yaxshi ekanini aytishgan. Uyga qaytishayotgan vaqtida birdan tobi qochib qolgan va soat 13:30 larda Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi Go‘zalkent filialiga olib borishgan. Buni qarangki, tug‘uruqxona eshigini yarim soatlarcha ochishmagan. Soat 14.00 larda qizimni tug‘uruqxona shifokori Gulnora Qosimova qabul qilgan va tegishli tartibda tekshiruvlar o‘tkazmasdan darhol “keserva”ga olib kirgan.
Men soat 14:30 larda shifoxonaga yetib borganimda qizimda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun olib kirishgandi. Hech kim aniq javob aytmadi. Baqir-chaqir qilganimizdan keyingina qizim va nabiram vafot etgani aytildi. Qizimni oldiga kirganimda hali badani sovimagan ham edi. Qizim bechora o‘z oyog‘i bilan tug‘uruqxonaga borib, shifokorlarning aybi bilan tug‘ilajak farzandi bilan birga vafot etdi. Pastdarg‘om tuman tug‘uruqxonasi xodimi Gulnora Qosimova va boshqalar o‘z kasbiga nisbatan sovuq munosabatda bo‘lishi tufayli, kasb vazifalarini lozim darajada bajarmagani, oqibatda, qizim va farzandining o‘limiga sabab bo‘ldi”, deydi Samiya Mehriddinova.
Mehriddinovaning aytishicha, qizining vafoti yuzasidan 2023 yil 13 iyul kuni Pastdarg‘om TTBda umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilish bayonnomasida marhuma olib kelinganidan tortib uni qabul qilib olgan va boshqa shifokorlar voqeani bayon qilgan.
Pastdarg‘om TTB boshlig‘i Dilfuza Kamolova bayonnomani tasdiqlab, 13 iyuldan Anesteziolog-reanimatolog Shoniyozov, Go‘zalkent tug‘uruq filiali navbatchi akusher-ginekologi Gulnora Qosimova, akusher-ginekolog Hamzayev, Jo‘raqulov, patronaj doyasi Shakarova va Qurbonovalar vazifasidan protokol asosida ozod etilishini aytgan.
Butun boshli shifoxona boshlig‘i o‘tkazgan yig‘ilishda shuncha shifokor ozod etildimi, demak ayolning o‘limida haqiqatdan ham ularning aybi bor. Agar unday bo‘lmasa, bir xodimni shunchaki bo‘shatib yuborish mehnat qonunchiligiga ham to‘g‘ri kelmaydi har holda.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasining Go‘zalkent filialiga bordik. Afsuski, u yerda savollarimizga javob beradiganlar topilmadi. O‘zini tanitishni istamagan shifokorlarga ko‘ra, marhumaning onasi norozi bo‘lgan shifokor Gulnora Qosimova hozirgacha o‘z lavozimida ishlab yuribdi.
Har bir shifoxonada ona yoki bola vafot etgani haqidagi ma’lumotlar birinchi bo‘lib uning yaqinlariga aytiladi. O‘lim sodir bo‘lganidan ikki soat o‘tib, vafot etgan shaxs “morg”ga o‘tkaziladi va Patologik anatomik tekshiruvlardan keyin uyga olib ketishga ruxsat beriladi. Bu ishlarning barchasi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i asosida qilinadi. Bundan tashqari, yuqoridagi barcha jarayonlarda holat sodir bo‘lgan tumanga biriktirilgan nozir ham qatnashadi. Birinchi navbatda, ona yoki bola vafot etgani haqida mahalla noziriga xabar beriladi. Nima uchun vafot etgani haqida shifokorlar IIO xodimlariga tushuntirish beradi. Bundan tashqari, vafot etgan shaxsning oila a’zolaridan ham ariza olinadi. Xo‘sh, ayollarning vafoti yuzasidan tug‘uruqxonaga IIO xodimlari chaqirilganmi yoki jinoyat ishi qo‘zg‘atilganmi?
“Bu voqealardan so‘ng biz ichki ishlarga murojaat qildik. Militsiya so‘roq qilishdan nariga o‘tmadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ham kelib yozib ketdi. 3 oy bo‘ldi, hali hamon hech qanday chora ko‘rilmadi”, deydi marhuma Sherdonova Munisaning opasi Nigora Sherdonova.
Boshqa holatlar bo‘yicha ham deyarli shunday. Arizalar yozdirilgan, ekspertiza javoblari kutilayotgani va ish prokuraturada ekani aytilmoqda. Ammo, na 2023 yilning may oyidagi, na dekabrdagi holatga hozirgacha aniq xulosa berilganicha yo‘q.
Biz murojaatchilarni eshitdik, holatga aniqlik kiritish, bolalar va ayollarning o‘lim sababini bilish maqsadida Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasiga bordik. Ma’muriyat binosiga yaqinlasharkanmiz xodimlardan biri bizni ko‘rdi chog‘i, Bosh shifokor Dilfuza Kamolova xonasiga kirib, deraza va eshiklarni yopib qo‘ydi.
Mas’ullarni ancha izlashga to‘g‘ri keldi. Oxir-oqibat Tug‘uruq bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Komila G‘afforova faqatgina 2023 yilning dekabr oyida sodir bo‘lgan holat yuzasidan ma’lumot bera olishini aytdi.
“Zarnigor Baxtiyorovaning o‘lim sababi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmaganining asosiy sababi sud-tibbiy ekspertiza javobi bir oyda chiqadi. Taxminiy xulosalar berilgan. Zarnigorda ichki qon tomir yorilishi oqibatida ichki qon ketish sodir bo‘lgan. To‘satdan ahvoli og‘irlashgan. Zudlik bilan shifokorlar bilan maslahatlashib reanimatsiyaga o‘tkazdik. Biz imkoniyatlarimizdan maksimal foydalandik. Bu holat bo‘yicha biror narsa yashirilgani yo‘q. Ichki ishlar, prokuratura va sog‘liqni saqlash boshqarmasiga vaqtida xabar berdik. Sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilgan yakuniy xulosa berilganidan so‘ng, albatta qo‘shimcha ma’lumot beriladi. Bu holatda kimdir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa albatta jazolanadi”, deydi Tug‘uruq bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Komila G‘afforova javob berib.
O‘zbekchilik, uyat, andisha, odamlar nima deydi? Biz doim shunday yashaymiz. Guvohi bo‘lganingizdek, farzandidan ayrilgan onalarning barchasi qizi va nabirasining o‘lim sababini bilishni xohlaydi, ammo, vafot etgan vaqtida olingan namunalar kam, “qayta qabrini ochish kerak” deyishlaridan qo‘rqishlari turgan gap. 18 kun shifoxonada yotib vafot etgan Maftuna Qambarovaning onasi “Shundoq ham qizim 18 kun azoblandi. Qabrini ochib yana qiynashlarini istamayman”, desa, boshqa bir ayol “bular ataylab ekspertizani to‘liq qilmaydi, ko‘mib bo‘lgandan keyin qabrni ochtirmasligimizni bilishadi”, deydi. Boshqa bir ona esa bu gaplarni gapirgani bilan qizi yo nabirasi tirilib qolmasligini biladi. Lekin odamlar hushyor bo‘lishlari va ayrim shifokorlarning insofga kelishidan umidvor.
Yuqoridagi o‘lim holatlari prokuratura organlari tomonidan o‘rganildimi, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganmi degan savolga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov javob berdi.
U bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yuqoridagi holatlar yuzasidan mutasaddi tibbiyot xodimlariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, ushbu holatlar yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilib, natijalariga ko‘ra jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan. Shuningdek, Bosh prokuratura vakili ayollar nima sababdan vafot etganiga ham aniqlik kiritdi. Berilgan ma’lumotga ko‘ra,
Maftuna Sadinovaga normal joylashgan yo‘ldoshning vaqtidan oldin avj olib ko‘chishi og‘ir darajasi. Agonal holati, qog‘onoq suvlarining emboliyasi tashxisi.
Muhayyo Xudoyberdiyevaga – muddatdagi tug‘uruq erta chilla davri qog‘onoq suvi emboliyasi. Anafilaktik shok og‘ir darajasi. Anemiya og‘ir darajasi. O‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi tashxisi.
Munisa Sherdonovaga latent fazasi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, uning kamqonlikning o‘ta og‘ir darajasi kabi hamroh kasalligi borligi ham aytilgan.
Zarnigor Baxtiyorovaga esa anemiya o‘rta og‘ir darajasi. O‘pka arteriyasi tromboemboliyasi tashxisi qo‘yilgan.
Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, biz aytgan holatlardan bittasi, ya’ni Maftuna Qambarovaning o‘limi yuzasidan prokuraturada hech qanday ma’lumot mavjud emas. Aniqroq aytganda, Qambarovaning o‘limi prokuratura organi tomonidan o‘rganilmagan.
Holatlar o‘rganilgan, jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asosli deb topilmagan, lekin tibbiyot xodimlariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. U qanday jazo, qaysi ayblari uchun, umuman, shu jazo deyilgani qo‘llanilganmi yo yo‘qmi, bu bizga qorong‘i. Har holda onalar farzandimga yaxshi qarashmadi, deb shifokorlarning aniq ismlarini aytishdi. Ammo u shifokorlar hozirgacha o‘z lavozimlarida faoliyat olib borishyapti.
Hech bir muammo o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Jumladan, tug‘uruqxonadagi muammolar ham. Shifoxonada xodimlarning kamligi, kadrlar yetishmovchiligi bilan, tug‘uruqxonadagi sharoit pul ajratilmasligi yoki kimlardir shu pulni yeb yuborishi bilan, shifokorlarning odamlar qo‘liga qarashi esa maosh kamligi bilan bog‘lanadi. Umumiy qilib aytganda, bularning barchasi sog‘liqni saqlash tizimining muammosi. Muammolar bartaraf etilmas, kamchiliklar to‘ldirilmas ekan, “onalik va bolalik, sog‘lom onadan sog‘lom bola, o‘limlar sonini kamaytiramiz”, degan gaplar qog‘ozda, gapda qolib ketaveradi. Farzandi va nabirasining o‘limi sababini bilishga eng ko‘p haqqi bo‘lgan oila a’zolariga ma’lumot berilmasa, jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasa, eng yomoni OAVda yoritilmagunicha onalar va bolalar o‘limi haqida miq etilmasa, buni qanday izohlash mumkin? Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Bosh prokuraturadan javob kutib qolamiz. Ishonamizki, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om TTB va Go‘zalkent filialida vafot etgan ayollar va bolalar o‘limiga ko‘z yumilmaydi.
LiveBarchasi