SSV ostonasida “o‘limini” kutayotganlarni kim eshitadi?
Tahlil
−
31 may
10366Bu videoni Bosh vazir Abdulla Aripov, Sog‘liqni saqlash vaziri, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy Majlis Senati Raisi, senatorlar-u, deputatlar ko‘rishlari shart!
Besh kun kim uchundir oddiy ish haftasi bo‘lsa, kimlardir bu besh kun ichida hayotda qolish uchun kurashadi. O‘zbekistondagi 3 mingdan ortiq bemor besh kun ichida belgilangan dori vositalarini qabul qilmasa, o‘lib qolishi mumkin. Bu dori bilan bemorlarni davlat ta’minlashi kerak, lekin mana bir necha oylar bo‘ldiki, dorilar bemorlarga yetkazib berilmayapti. Bemorlar esa davlat byudjetidan alohida pul ajratilgani, tegishli idora va vazirlik bu bo‘yicha vazifani o‘z bo‘yniga olganiga qaramay, o‘z cho‘ntagidan dori-darmon sotib olmoqda.
Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 martdagi “Davlat tibbiyot tashkilotlari hamda respublika aholisini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazgan bemorlar immunosupressiv dori vositalari bilan ta’minlanadi.
Bugungi kunda Respublika bo‘yicha umumiy bemorlar soni 3028 nafar, bundan 2022 nafari buyrak, 1006 nafari jigar transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazgan. Jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazgan bemorlarga besh xil turdagi immunosupressiv dori vositalari beriladi.
Ular:
- Takrolimus (Prograf, Adpord);
- Mikofenolat mofetil (Cellcept);
- Mikofenolat kislota (Myfortic);
- Siklosparin (Sandimun Neoral);
- Baziliksimab (Simulekt).
Immunosupressiv dori vositalari Autoimmun kasalliklarni davolash uchun foydalaniladi. Takrolimus, siklosporin, mikofenolat mofetil, mikofenol kislotasi va prednizalon kabi dori vositalari Immunosupressiv dori vositalari turiga kiradi.
Bu dorilar asosan gematologik, radiatsiya terapiyasi, suyak iligi transplantatsiyasi, autoimmun kasalliklar, jigar va buyrak transplantatsiya amaliyotini o‘tkazgan bemorlarga beriladi.
Dori vositalarining vaqtida bemorlarga berilishiga Sog‘liqni saqlash vazirligi javobgar. Har yili davlat byudjetidan turli sohalarga ajratilgani kabi sog‘liqni saqlash sohasiga ham pul taqsimlangan. Masalan, 2020 yilda 5,7 trln, 2021 yilda 4,4 trln, 2022 yilda 5,4 trln, 2023 yilda 5,5 trln va 2024 yilda 4,6 trln so‘m.
Birgina 2024 yilda davlat byudjetidan buyrak va jigar transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarni dori vositalari bilan ta’minlash uchun 25,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
“Men buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini amalga oshirganman. Operatsiyadan keyin umrimning oxirigacha iste’mol qilishim kerak bo‘lgan “Prograf ”, “Myfortic” kabi dorilar mavjud. Operatsiya bo‘lganimga 1 yildan oshdi. Shuncha vaqtdan buyon bor-yo‘g‘i 4 oy davomida dori berishdi. Undan keyin esa o‘zimiz qarzga dori sotib olyapmiz.
Dorilarni topish qiyin va qimmat. Dori sotib olishdan tashqari har bir, bir yarim oyda analiz topshirish uchun vodiydan Toshkentga kelamiz. Analiz topshirish ham juda qimmat. “Myfortic” dorisini topish juda katta muammo bo‘lyapti. Nafaqat menda, balki qolgan bemorlarda ham shu muammo”, deydi bemor Olim Normatov.
Endi dorilarning bemorlargacha yetib borishi masalasiga to‘xtalsak. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bemorlarning ro‘yxati yil oxirida shakllantirilib, ularning kunlik ehtiyojlaridan kelib chiqib bir yil uchun dori vositalari soni hisoblanadi. Vazirlik bu ro‘yxatni dorilarni sotib olishga mas’ul bo‘lgan “O‘zmedimpeks” davlat muassasasiga beradi. Tashkilot tender o‘tkazib, dorilarni olib keladi.
Tenderda yuqorida sanab o‘tganimiz dorilar bilan tarkibi bir xil, nomi har xil bo‘lgan dorisi bilan Xitoy, Hindiston, Koreya kabi mamlakatlarning kompaniyalari ham ishtirok etadi. Ammo yana o‘sha gap. Bemorlarga tender vaqtining cho‘zilishi yoki boshqa sabablar muhim emas. Ularga dori kerak!
Shaxsi sir saqlanishini so‘ragan mutaxassisning aytishicha, ro‘yxatdagi ayrim dorilarning o‘rnini bosadiganlari hozir ham SSVda bor. Lekin bemorlar shifokorlari tomonidan yozib berilganlarini so‘rashmoqda.
Bizga ma’lum muammolarni hal qilmaslikka ichkaridagi qaysidir boshqa bir muammo to‘siq bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, albatta. Lekin bemorlarga dori kerak.
Qolaversa, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibga ko‘ra, SSV dorilarni tendersiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali sotib olishi mumkin.
“Favqulodda holatlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshiriladi”, deyiladi qonunda.
Namangandan dorilarni berishlarini so‘rab kelgan 10 dan oshiq bemorlar Sog‘liqni saqlash vaziri qabuliga kira olmadi. Sabab esa vazirning xizmat safarida ekani.
“Men 2019 yilda operatsiya bo‘lganman, bu yil 6 yil bo‘ladi. 5 yildan beri uzilishlar bo‘lib keladi. Shu yil ichida vazirlar almashdi, 3-4 marta yig‘ilib talab qilgan paytlarimiz bo‘lgan. Doim dorilar to‘liq berilmaydi. Dori so‘rasak, “yo‘lda”, “bojxonada” yoki “shartnoma tuzadigan firma topa olmayapmiz” degan gaplarni aytishadi. To‘polonlar ko‘payib ketsa, 3 oyga yetadigan dori olib keladi, ammo bu uzoqqa yetmaydi. Shartnomani yangilashni va boshqa yo‘llarni qidirish kerak.
Agar dori 2-3 kun ichida ichilmasa, salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tanishlarim borligi uchun dorilarni almashtirib ichyapman. “Pangraf” hozirda O‘zbekistonda mavjud emas. “Myfortic”. Shifokorlar bu dorining o‘rniga “Cellcept” ichishimizni tavsiya qilyapti. Lekin boshqa doriga organizm o‘rganishi kerak, bu esa yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deydi bemor Doniyor Ergashov.
SSV Farmatsevtika sohasini tartibga solish va dori vositalari ehtiyojlarini aniqlash bo‘limi xodimi Sardor Rahmonovning ma’lum qilishicha, dorilarni olib kelish uchun pul ajratilgan. Har yili dorilar bir yil emas, balki 15 oy uchun sotib olinadi.
Vazirlik vakilining qo‘shimcha qilishicha, bemorlar aytgan dorilarning hammaga yetmay qolishiga kasallarning soni ortgani sabab bo‘lgan. Aniqroq aytganda, bemorlarning O‘zbekistonda emas, balki boshqa mamlakatlarda operatsiya bo‘lgani.
Bemorlarga esa pul ajratilgani, kompaniya bilan muzokaralar olib borilayotgani yoki dorilarning yetib kelishidagi muammolar emas, balki ularning qachon berilishi muhim. Afsuski, bu savolga aniq javob yo‘q.
Bemorlar bilan suhbatda bo‘lganimizda ularning barchasi vazirlikdan ular operatsiya bo‘lgan vaqtida shifokorlari tomonidan yozib berilgan dorilarni olib kelishni so‘rayotganlarini aytishdi. Vazirlik esa to‘g‘ridan to‘g‘ri ular aytgan dorini olib kelolmaydi. Sababi, yuqorida aytganimiz tender. Tenderda kompaniyalar dori nomi bilan qatnashmaydi. Buning oqibatida boshqa kompaniya va dori tenderda qatnashsa va yutsa ular ishlab chiqargan dori olib kelinadi. Lekin bemorlar u dorilarni ichishni istamaydi. Xo‘sh, nima uchun bemorlar va shifokorlar yuqorida nomini sanaganimiz dorilarni so‘rayapti.
“Shifokor sifatida bir narsani aniq aytishim mumkin –Takrolimus (Prograf, Adpord),Mikofenolat mofetil (Cellcept),Mikofenolat kislota (Myfortic), dorilari jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazgan bemorlar uchun nafaqat O‘zbekiston balki boshqa mamlakatlarda ham tavsiya etiladigan dorilardan hisoblanadi. Shuningdek, “Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi” va “Yevropa dorilar agentligi” sertifikatiga ham ega. Bu amaliyotni boshdan o‘tkazganlar ichadigan eng ishonchli va original dorilar turiga kiradi. Men boshqa dorilarni yomonlamoqchi emasman. Albatta, bemorlar boshqa mamlakat va kompaniyalar ishlab chiqargan dorilarni ham ichib ko‘rgan va nojo‘ya ta’sir ko‘rsatgan holatlar ham kuzatilgan. Kimnidir ichi ketib qoladi, kimgadir allergiya toshadi. Shuning uchun ham bemorlar SSV dan o‘zlariga operatsiyadan keyin birinchi yozilgan dorilarni talab qilishadi”, deydi shifokorlardan biri.
Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir bemor bir dorini yillar davomida iste’mol qilib boshqasiga o‘tadigan bo‘lsa, bu albatta shifokor nazoratida amalga oshirilishi shart va bu boshqa xarajatlarni ham keltirib chiqaradi.
Misol uchun, davlat yuqoridagi dorilar o‘rniga tenderda yutgan tarkibi bir, nomi boshqa va arzonroq dorini sotib olsa, bemorlar u dorilarni shunchaki qabul qila olmaydi. Bir bemor operatsiya bo‘lganidan buyon ichayotgan dorisini boshqa doriga o‘z-o‘zidan o‘zgartira olmaydi. Bu uchun bir emas bir nechta analiz topshirilishiga to‘g‘ri keladi. Bitta analizni 1 mln deb oladigan bo‘lsak, kamida 4 xil analiz topshirilsa, umumiy summa 4 mln bo‘ladi. Bu boshqa dorini olib kelgan vazirlik tomonidan to‘lab berilishi va bemorlar bir necha kun nazoratda ushlanishi lozim. Yuqorida aytilganidek, dorilarni almashtirish bemorga yomon ta’sir qilishi ham mumkin.
“O‘zbekistondagi bemorlarga tegishli dorilarni olib kelish uchun byudjetdan mablag‘ ajratiladi. Albatta, vazirlik dorini vaqtida olib kelishga urinadi. Vazirlik hech narsani o‘zidan-o‘zi sotib ololmaydi. Ro‘yxat qilish, tender o‘tkazish, xat-hujjat masalalari bo‘lib vaqt cho‘zilishi aniq.
Balki davlat tender o‘tkazib, tarkibi bir xil va arzonroq dori olib kelishni istar, ammo bemorlar vaqt yutqazadi. Bundan tashqari doimiy doridan boshqasiga o‘tish uchun yuqorida aytganimdek talablar bor. Har bir bemorning analiziga pul to‘lab, ularni kunlab shifoxonada qolishi va nazoratiga pul ketkazgandan ko‘ra, doimiy va ishonchli dorilarni olib kelish arzonroq tushadi aslida”, deydi yana bir shifokor.
QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan shifokorlarning aytishicha, ular bir necha marotaba vazirlikka xat bilan murojaat qilib, nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa mamlakatdagi hamkasblari ham aynan shu vaqtgacha olib kelingan dorilarni bemorlarga tavsiya qilganlari va turli tender yoki xat hujjatlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shu dorilarni olib kelishni so‘rashgan. Bu iltimoslar ortidan vazirlik “kattalari”dan “dori ishlab chiqaruvchi kompaniyadan konvert olmaganmisizlar?” degan savolni ham eshitib olishgan.
“Shifokor birinchi navbatda bemorni o‘ylaydi. Agar biz aniq nomini aytib “vazirlik shu dorilarni olib kelsin” deyayotgan bo‘lsak, bu – korrupsiya degani emas. Bemorlarga suv va havodek kerak bo‘lgan aniq dori nomini aytyapmiz. Uni to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan sotib olish yoki boshqa jarayonlar nafaqat bemorlarga dorilar o‘z vaqtida kelishini ta’minlaydi, balki, vazirlikning ishini ham yengillatadi.
Agar ko‘p shifokorlar dorilarni aniq nomi bilan aytayotgani uchun shubhalanishsa, nafaqat ichki ishlar yoki prokuratura, balki undan yuqoridagilar ham tekshirsin. Bu shifokorlarga muammo emas. Biz kimdandir “konvert” olmaganmiz. Aksincha, bemorlarga ularda bosh-boshidan berilgan dorilarni tezroq olib kelinishi tarafdorimiz xolos. Yana aytaman, aynan shu dorilar olib kelinishini nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa mamlakat transplantolog shifokorlari ham so‘rashadi”, deydi shifokor.
Jurnalistik surishtiruvni tayyorlash jarayonida nafaqat bemor yoki shifokorlar, balki SSV vakillari bilan ham gaplashdik. Shaxsini sir saqlashni ma’qul ko‘rgan xodimga ko‘ra, nafaqat dori, balki boshqa kerakli narsalarni sotib olish uchun ham tender o‘tkazilishi shart demoqda.
Dorilarni ma’lum bir sabab bilan kechikib kelishini ham qo‘ying. Kechiksa ham kelsin, deysizu. Yana bir masala bor. QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan mutaxassislardan birining iddao qilishicha, bemorlarning bir yillik ehtiyoji uchun kerakli dorilar soni aniq aytilishiga qaramay, buyurtma berish avvalidan yozilgan raqamlarni o‘zgartirish holatlari ham kuzatilgan ekan. Misol uchun, bir dori turidan “1000 qadoq yozilgan bo‘lsa, 500, 500 ni 300 ga tushiringlar” deyish holatlari ham bor emish.
Boshqa bir mutaxassis esa aksincha ajratilgan puldan tashqari aynan buyrak va jigar transplantatsiya amaliyotini o‘tkazgan bemorlarni dori vositalari bilan ta’minlash uchun ajratilgan pul dorilarga yetmagani bois qo‘shimcha mablag‘ berilganini aytmoqda. Endi har ikki ma’lumotdan qay biri rostligi bizga qorong‘i. Tekshirishni vazirlikka qoldiramiz.
Muammoning yana bir tomoni bor. Buni qarangki, vazirlik oylab olib kelolmayotgan dorilarni Toshkent shahri yoki viloyat markazlaridagi dorixonalardan topish mumkin. Ammo juda qimmat. Ustiga-ustak, bemorlarga vazirlik tomonidan berilgan, korobkasini ustiga qizil “pechat” bilan “sotish mumkin emas” deb yozilgan Prograf dorisini dorixonalarda sotishmoqda.
Keling, birinchi dorilarning narxi bilan tanishib olsak. Undan keyin bu masalaga qaytamiz.
- Simulekt dorisini 5 800 000 dan 7 000 000 gacha;
- Siklosparin dorisini 395 000 dan 700 000 gacha;
- Ko‘p bemorlar iste’mol qiladigan va bugungi kunda bir necha oydan buyon bemorlarga berilmayotgan Myfortic dorisini 1 200 000 dan topish mumkin;
- Prograf dori vositasi 182 900 dan 940 000 mingacha;
- Cellcept dorisi esa 229 500 dan 715 000 mingacha Toshkent shahridagi dorixonalarda sotilmoqda.
Bugun bemorlarga berilishida muammo bo‘layotgan asosiy dorilardan biri Myfortic Toshkent shahridagi uchta dorixonada bor. Ulardan 2 tasining qadog‘i ruscha yozilgan va haqiqatdan ham Shveysariyada ishlab chiqarilgan. 1 tasi esa bazada Shveysariya deb yozilganiga qaramay, Turkiya uchun ishlab chiqarilgan va qadog‘i turk tilida yozilgan dori. Bemorlarga deyarli 4 oydan buyon berilmayotgan dorini bugun dorixonalardan ham topish mushkul, borlari ham juda qimmat. Dorixona xodimlariga “nima bu dorining qadog‘ida turkcha yozilgan?” deb savol berganimizda shunday javob berishdi.
Immunosupressiv dori vositalariga kiradigan Prograf dorisini Toshkent shahridagi 80 dan ortiq dorixonalardan topasiz. Dorilar bazasida bu dori vositasi qaysi dorixonada borligi va qayerda ishlab chiqarilgani haqidagi ma’lumot bor. Prograf Niderlandiyada ishlab chiqarilgan deb yozilgan.
Vazirlik bemorlar uchun olib kiradigan har bir immunosupressiv dori vositalarining qadog‘iga dorilar bepul berilishi va sotish mumkin emasligi haqidagi qizil muhrni bosadi va bu dorilar dorixonalarda sotilishi mumkin emas.
Buni qarangki, aynan Prograf dorisi tahririyat borgan bir nechta dorixonalarda aynan vazirlik urgan “pechat” bilan sotilyapti. Misol tariqasida birgina Prograf dori vositasini aytamiz. Prograf dorisi shahardagi 80 dan ortiq dorixonalarda bor. Ilovaga qarasangiz dorini Niderlandiyada ishlab chiqarilgani yoziladi. Aytganimiz 80 ta dorixonadan deyarli 40 ga yaqini bilan gaplashdik. Ularning ko‘pidagi Prograf dorisi yuqorida aytganimizdek, Turkiyadan qo‘lda olib kelingan dorilar. “Bizda original dori”, deganlardan esa dorini rasmga olib yuborishlarini so‘radik. Afsuski, ularning hammasining qadog‘idan vazirlik qo‘ygan muhr o‘chirilgan.
Ha, ko‘rganingizdek, vazirlik sotish mumkin emas, degan dorisi dorixonalarda sotilyapti. Farmatsevtlarning aytishicha, qaysidir dorilar kechikkan vaqtda vazirlik bemorlarga o‘sha dorini o‘rnini bosadigan boshqasini beradi. Farmatsevtlarga ishonadigan bo‘lsak, bemorlar o‘sha o‘rniga o‘rin olgan dorilarini sotishgan va o‘zlariga zarurini sotib olishgan. Gapning ketini gap ochadi deganlaridek, dorilar vaqtida olib kelinmayotgani, dorixonalar shunchaki bemorning qo‘lidan yoki yo‘l-yo‘lakay Turkiyadan olib kelayotgan dorilari haqiqatdan ham qadoqda yozilgan dorimi, uning tarkibi birmi, litsenziyasi bormi va boshqa savollarga javob topmay, ko‘r-ko‘rona naqd pulga sotib olganini ochiqlab qo‘ydi. Shunday ekan, dorixonadan istalgan dori mahsulotlarni xarid qilayotganda ehtiyot bo‘ling. Ichini ochib ko‘rish, yaroqlilik muddatini tekshirish, kerak bo‘lsa litsenziya so‘rash yodingizdan ko‘tarilmasin.
O‘zbekistonga vazirlik tomonidan olib kirilgan Prograf dorisining dorixonalarda sotilayotganidan hayratlanib, vazirlikning yana bir vakilidan yaqin orada Prograf dorisi bemorlarga ko‘p miqdorda berilganmi deb so‘raganimizda, u aynan Prograf‘ni O‘zbekistonga kelishida uzilishlar bo‘lgani va bemorlarga juda ko‘p miqdorda berilmaganini aytmoqda. Endi hisob-kitob qilamiz, 80 ta dorixonadan 40 tasida qizil muhr bosilgan doridan 4 korobkadan bo‘lganda ham 160 ta bo‘ladi. Bu dorilarni bemorlar olib borib sotishi uchun o‘zida shu dori bo‘lishi kerak.
So‘zimiz so‘nggida bugungi nafaqat bu balki boshqa muammolarning ham negizini aytmoqchimiz. Muammo aytilgan gaplarning hammasi qog‘ozda qolishida. Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarori, farmonlar, yillab ishlanib qabul qilingan qonunlar farqi yo‘q. Ular amalda ishlamas ekan rivojlanish, o‘sish, bo‘lmaydi. Qonunlar har ikki tomonga ishlasa, yozilganlar faqat qog‘ozda qolmasagina o‘zgarish bo‘ladi. U ham bu ham emas, buni qarangki, inson qadri ulug‘langan yurtda davlat o‘z vazifasini bajarmagani uchun dorini besh kun ichmasam o‘lib qolaman deb hadik bilan yashayotgan yurtdoshlarimiz bor. Yuqorida aytganimiz, O‘zbekistonda 5 kun yashash uchun kurashayotgan fuqarolar borligi, ularga dorilar vaqtida berilmayotganini katta xonada muzdek konditsionerni yoqib o‘tirgan tepadagilar ko‘rishi kerak.