Sobiq prezidentning uyidan haydab chiqarilgan o‘g‘li rasmiylarga shikoyat qildi

Olam

image

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning o‘g‘li Qodir Atamboyev oila a’zolarining Atamboyevlar oilasiga tegishli bo‘lgan Qo‘y-Toshdagi uyidan haydab chiqarilgani sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qildi. Bu haqda kichik Atamboyev o‘zining Instagram’dagi sahifasida post yozdi.

Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga “noqonuniy ko‘chirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va uy-joyga noqonuniy kirish” borasida yo‘llangan ushbu arizasida sobiq prezidentning o‘g‘li uyiga bostirib kirganlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘ragan.

Kichik Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, 13 sentyabr kuni Qo‘y-Toshdagi qarorgohga formadagi odamlar kelgan, ularning soni taxminan 100 kishi bo‘lgan. Ular sud qarorini taqdim etmagan.

“Hatto ko‘chirish bo‘yicha sud jarayoni ham bo‘lib o‘tmadi. Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari voqea joyida bo‘lib, qarindoshlarimizning mashinasini kutishimizga, hatto uy hayvonimizni (mushuk) olib ketishimizga ham ruxsat bermay, tunda hududni piyoda tark etishga majbur qildi. Bizga tahdid qilishdi va “konteynerda yashash” kabi sha’nimizni kamsituvchi so‘zlarni aytishdi”, deydi u.

Uning yozishicha, ko‘chirish paytida nafaqat xavfsizlik kuchlari qatnashgan, balki Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti ma’muriyati rahbari Qanibek Tumonboyev ham u yerda bo‘lgan. Qarorgohga kirish uchun qo‘shnisining panjarasidan oshib o‘tishi kerak edi. Sobiq siyosatchining o‘g‘li Tumonboyev xavfsizlik xizmati bilan kelgan.

“Bularning barchasi dam olish kuni va hech qanday hujjatsiz, dalolatnomasiz va hokazolarsiz sodir bo‘ldi. Bizning narsalarimiz ko‘chaga tashlandi, uy-ro‘zg‘or buyumlarining bir qismi sindirildi. Sud ijrochisining har qanday qarori,harakati va ko‘chirish bo‘yicha sud jarayoni ustidan shikoyat qilish mumkin. Bizni hatto bu huquqdan, sudga berish huquqidan ham mahrum qilishdi”, deya yozadi u.

Qodir Atamboyev oilasiga nisbatan sodir etilgan quyidagi qonunbuzarliklarni ko‘rsatdi: uy-joyga noqonuniy kirish va va o‘zboshimchalik bilan hokimiyatni suiiste’mol qilish.

Bir necha kun oldin Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning oila a’zolari Atamboyevlar oilasiga tegishli bo‘lgan Qo‘y-Toshdagi uyidan haydab chiqarilgandi. Atamboyevning o‘g‘li o‘shanda Bishkek tuman sudining qarori bilan 30 ga yaqin odam, jumladan, politsiya vakillari saroyga kelganini aytgandi. Qodirbek rasmiylarning harakatlarini noqonuniy, deb atagandi. Uning oilasi Oliy sud va Konstitutsiyaviy palataga murojaat qilishni rejalashtirgan edi. Kichik Atamboyevga ko‘ra, davlat Sotsial-demokratlar partiyasi qarorgohi va Media Forumni musodara qilmoqchi. 

Ushbu voqealarning silsilasi 2019 yilda Qo‘y-Toshda sodir bo‘lgan hodisalarga borib taqaladi. O‘shanda Atamboyevning mulki muhrlangan edi. Ijro organi sobiq prezidentning uyini davlat balansiga olmoqchi bo‘ldi. Sadir Japarov “u yerda keksalar uchun muassasa ochamiz”, dedi. 

Joriy yilning iyun oyi boshida Bishkekning Birinchi may tuman sudi 2019 yilda Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sodir etilgan korrupsiya va tartibsizliklar ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Hozirda xorijda bo‘lgan Almazbek Atamboyev sirtdan 11 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Sud sobiq prezidentni davlat mukofotlaridan mahrum etish va mulkini musodara qilish bo‘yicha qaror chiqardi. Hukm ustidan shikoyat qilingan, ish hozirda Bishkek shahar sudida ko‘rilmoqda. 

2022 yil may oyida Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi Atamboyevning Qo‘y-Toshdagi uyi musodara qilinib, davlat mulkiga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Jamg‘arma xodimlari sobiq prezident oilasidan uydan chiqib ketishni talab qilgan. Shundan so‘ng Atamboyevning oila a’zolari uy hududida dam olishga muhtoj bolalar uchun o‘quv-sog‘lomlashtirish sport majmuasi ochmoqchi ekanligini ma’lum qildi. 

Atamboyevning hibsga olinishi

Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yilning 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan, politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek Issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan. 

Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yil-u 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi. 

Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Joriy yilning 3 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi. Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi. Ammo oradan bir qancha vaqt o‘tib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berdi va uni afv etishga tayyorligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Almazbek Atamboev Qo'y-Tosh Qodir Atamboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing