Sifatsiz qurilayotgan “dom”ning pudratchisi jarimaga tortildi
Jamiyat
−
18 aprel 2023
7754Toshkent viloyati Olmaliq shahri Islom Karimov hududida qurilayotgan 9 qavatli turar-joy binosining pudrat tashkiloti rahbari jarimaga tortildi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Keltirilishicha, pudrat tashkiloti rahbari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasiga asosan jarimaga tortilgan.
Vazirlik xodimlari bino qurilish bilan bog‘liq bir qancha xato va qoidabuzarliklarga duch kelgan. Xususan, ushbu turar-joy binosini qurishda zilzilaviy hududlarda qurilish me’yor talablari buzilgan holda kotlovan tayyorgarligi to‘g‘risida geolog dalolatnomasi va zamin tuproq qatlami zichligi bo‘yicha laboratoriya xulosalari to‘liq rasmiylashtirilmagan.
Ob’ektning barcha qavatlarini ko‘tarishda zilzilaviy xududlarda qurilish me’yor talablari buzilgan holda monolit-beton konstruksiyalarning mustahkamligi bo‘yicha laboratoriya sinovlarining xulosalari olinmagan va ob’ektda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan.
Xavfsizlik lentalari tortilmay opalubka montaj ishlari bajarilgan. Shuningdek, opalubka montaj ishlarida loyihadan chetga chiqish holatlari kuzatilgan.
Ob’ekt qurilishining loyiha va qurilish me’yorlari talablariga muvofiq amalga oshirilganligi yuzasidan ijro sxemalar, ishlatilgan qurilish materiallarining sifatini tasdiqlovchi pasport va sertifikatlar, yopiq ishlar dalolatnomalari talablarida belgilangan ijro hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan.
“Bugungi kunda qurilish montaj ishlari vaqtincha to‘xtatilgan. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoidabuzarliklarni loyiha va qurilish me’yorlari talablari asosida bartaraf etilishi yuzasidan texnik nazoratchi hamda pudratchi mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Olmaliq shahrida qurilayotgan 9 qavatli uyning armaturalari sifatsiz ekani, yotqizilgan beton esa ko‘chib ketayotgani aytilgan edi.
LiveBarchasi