Shvetsiyada bir necha marta Qur’onni yoqib yuborgan shaxs otib o‘ldirildi

Olam

image

Shvetsiyada pul ishlash uchun Qur’oni Karimga qilgan hujumlari bilan tanilgan iroqlik Salvan Momika kecha, 29 yanvar kuni Stokgolm shahri chekkasida joylashgan Syoderteledagi uyida otib o‘ldirildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, soat 23:00 dan keyin otishma haqidagi xabarlardan so‘ng Xovshyo tumani hududiga politsiya va tez yordam chaqirilgan. Shvetsiya matbuotiga ko‘ra, halok bo‘lgan shaxs Qur’on kitobini yoqib yuborgan Salvan Momika bo‘lgan. Qotillik sodir bo‘lgan vaqtda u TikTok orqali jonli efirda bo‘lgan.

Politsiya hali qurbonning shaxsini tasdiqlamadi. Ishda Shvetsiya Xavfsizlik politsiyasi ishtirok etmoqda. 38 yoshli Momika 2023 yilda Islom diniga qarshi norozilik sifatida musulmonlarning muqaddas kitobini bir necha bor ommaviy ravishda yoqib yuborgani bilan Shvetsiyadan tashqarida ham ommaga tanilgan edi. Uning mamlakat rasmiylari homiyligida amalga oshirilgan harakatlari butun dunyoda aks-sado berdi va ba’zi mamlakatlarda norozilik namoyishlari ayniqsa shiddatli tus oldi va g‘azablangan odamlar Shvetsiya elchixonalariga bostirib kirdi.

Keyin Shvetsiya elchisidan Iroqni tark etish so‘ralgan. Iroqda Salvan Momikaning ona shahri Al-Kufa ma’muriyati uni o‘ldirgan har bir kishiga ikki million dollar mukofot va ikki kilogramm oltindan yasalgan Qur’on kitobini taklif qilgan. Bag‘dod hukumati uni ekstraditsiya qilishni talab qilgan. Muqaddas Qur’oni Karimning Salvan Momika tomonidan yoqib yuborilishi ortidan AQSH, Yevropa Ittifoqi, Rim papasi, Shavkat Mirziyoyev va yana qator rasmiylar bu holatni keskin qoralab chiqqan edi.

Bularning barchasi Shvetsiyada diplomatik inqirozga olib keldi va o‘sha yilning avgust oyida Xavfsizlik politsiyasi terrorchilik tahdidi darajasini besh balli shkala bo‘yicha uchdan to‘rtga ko‘tardi.

Salvan Momika Shvetsiyaga 2018 yilning bahorida borgan edi. 2023 yilning kuzida uning vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomasi bekor qilindi va u Norvegiyadan boshpana so‘radi, biroq Shvetsiyaga qaytarildi va u yerda 2024 yilda bir yillik yashash uchun ruxsatnoma oldi. Shvetsiyaning Migratsiya agentligi, agar u vatani Iroqqa qaytsa, unga qilinadigan qiynoqlar juda xavfli ekanini ma’lum qildi.

2024 yilning avgustida u Shvetsiyada etnik guruhga qarshi gijgijlashda ayblangan. Ish bo‘yicha qaror bugun, 30 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da e’lon qilinishi kerak edi, biroq endi sud kelasi haftaga, 3 fevralga qoldirildi.

Stokgolm tuman sudining hujjatlarida Salvan Momikaning vafot etgani tasdiqlanganidan so‘ng, yangi hukm chiqarish uchun ko‘proq vaqt talab etilishi qayd etilgan.

Ayblovlarga javoban o‘limidan oldin Momika ayblovlardan hayratda qolgani, lekin qo‘rqmaganini aytgan edi.

“Men Shvetsiyani tanladim, chunki u qonun va tartib hamma uchun birdek amal qiladigan mamlakat ekanini bilardim”, degan marhum o‘limidan biroz avval.

Mamlakat radiosiga ko‘ra, Momikaning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumon qilingan besh kishi hibsga olingan.

Ma’lumot uchun, Momika 2021 yilda boshpana izlovchilar uyida eritreyalik odamni pichoq bilan qo‘rqitgani uchun sudlangan va jamoat joyida 80 soat bepul ishlashga mahkum qilingan. Shuningdek, jabrlanuvchiga ming dollar tovon puli to‘lanishi belgilangan. 2020 yilning sentyabr oyida sudlanuvchi Linkoping sobori tashqarisida Qur’onni yoqib yuborayotgani aks etgan video olgan. Shundan so‘ng, erkak ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

Shvetsiyada Qur’onni yoqib yuborish bo‘yicha birinchi marta sud hukm qilgandi. Ilgari Shvetsiya prokuraturasi bunday noroziliklarga qarshi ayblovlar qo‘ymagan va bu harakat so‘z erkinligi qonunchiligiga to‘g‘ri kelishini aytgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, Qur’oni Karimni bir necha bor yoqib yuborgan iroqlik qochqin, o‘tgan yilning aprel oyida, Salvan Momika Norvegiyada o‘lik holda topilgani xabar qilingandi. Biroq, bu aprel hazili bo‘lishi mumkinligi yozilgandi. Chunki Momikaning o‘limi bo‘yicha rasmiy manbalarda xabar e’lon qilinmadi. Shunga qaramay, uning o‘limi to‘g‘risidagi tasdiqlanmagan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishda davom etdi. Vikipediya esa Momikani “ko‘mib”, bir zumda “qayta tiriltirishga” ham ulgurgandi. Bu safar ham uning “yangi o‘lim sanasi” Vikipediyada 2025 yil 29 yanvar kuni, deya yozib qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shvetsiya Qur'oni Karim Stokgol'm Sal'van Momika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing