Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi xavfsizlikni kuchaytirmaydi – Rossiya TIV
Olam
−
16 may 2022 6824 2 daqiqa
Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi ushbu mamlakatlar xavfsizligi mustahkamlanishiga xizmat qilmadyi va rasmiy Moskva bu holatni qabul qilmaydi. Bu haqda bugun, 16 may kuni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.
“Vaziyat, albatta, sodir bo‘layotgan voqealardan kelib chiqib, tubdan o‘zgarmoqda. Bularning barchasi G‘arbdagi va, xususan, Shimoliy Yevropa mamlakatlaridagi siyosiy doiralar tomonidan dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni mutlaqo noto‘g‘ri tushunishning natijasidir. Biz uchun shu aniqki, Shvetsiyaning, xuddi Finlyandiya kabi, bu qaror (NATOga qo‘shilish – tahr.) natijasida xavfsizligi mustahkamlanmaydi”, deydi diplomat Moskvada jurnalistlarga.
Ryabkov NATOning ushbu umumiy konfiguratsiyasi o‘zgarganidan so‘ng Rossiya o‘z xavfsizligini qanday shaklda ta’minlashi alohida masala ekanini qo‘shimcha qilgan.
“Bu, amaliy jihatdan, Finlyandiya va Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish [harakatidan] kutilayotgan natijaga bog‘liq bo‘ladi. Ularda biz bunga shunchaki rozi bo‘lamiz, degan xayolga bormasliklari kerak”, degan Ryabkov.
Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, shuningdek, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish rejalarini katta oqibatlarga olib keladigan xato deb atagan.
“Harbiy keskinlikning umumiy darajasi oshadi va bu sohada bashorat qilish imkoniyati pasayadi. Hozirgi vaziyatda nima qilish kerakligi haqidagi ba’zi xayoliy g‘oyalar uchun sog‘lom aql qurbon qilinayotgani achinarli. Bu jiddiy oqibatlarga olib keladigan yana bir jiddiy xato. Lekin nima ham qilardik, o‘sha mamlakatlarda tegishli qarorlarni qabul qiladiganlarning darajasi shunday”, dedi TIV vakili.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.
15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.
Live
Barchasi