Shuhrat Abdurahmonovning shov-shuvli audioyozuvlari montaj qilingani aytildi
Jamiyat
−
21 noyabr 2020
14165Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning audioyozuvlari bo‘yicha viloyat hokimligi matbuot xizmati bayonot berdi.
Hokimlik matbuot xizmati eski audiolar maxsus ishlov berilib, qasddan tarqatilganini ta’kidlamoqda.
“Bir guruh ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan 2 yil muqaddam yozib olingan audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlardan ko‘chirib olinib, g‘arazli maqsadda uni ma’lum qismini kesib, “hayp” qilish niyatida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib borilmoqda.
Soha mutaxassislarini jalb qilgan holda tarqalgan audioyozuvlarni o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida shu ma’lum bo‘ldiki, audioyozuvlar “alohida mutaxassislar” yordamida turli xil audioyozuvlardan kesib olib, montaj qilingan.
Misol uchun: “Andijon viloyati hokimining tadbirkorlarga munosabati” nomli audioni (1 daqiqa 6 soniyalik) diqqat bilan eshitsangiz, ushbu audioyozuvning 59-soniyasidan to 1 daqiqayu 6 soniyasiga qadar bo‘lgan qismi boshqa audioyozuvdagi kontekst ekanligi, uni kesib olingan holda boshqa audioyozuvga ustomonlik bilan montaj qilinganligini ko‘rishingiz mumkin”, deyiladi hokimlik xabarida.
Hokim Abdurahmonovning navbatdagi “qahramonligi” sifatida talqin qilinayotgan suratlar esa bundan bir yil avval olingani ma’lum qilindi.
“Andijonda rahbarlar oyoq kiyimlarni reklama qilishmoqda...mi?” sarlavhasi ostidagi fotolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Andijon viloyati hokimining navbatdagi “qahramonligi” sifatida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aslida Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan Oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy darslar 16 noyabrdan qayta tiklandi. Ushbu fotolavha esa, viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan 2019 yil 4 sentyabrda olingan.
Ushbu audioyozuvlarni keng ommaga tarqatish ortida shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish uchun ko‘zda tutilgan jazo choralari kuchaytirilganligini inobatga olgan holda mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda” deyiladi rasmiy munosabatda.
Ta’kidlash kerakki, viloyat hokimining tarqalayotgan foto va audio lavhalari qachon yozib olinganligi muhim emas. Muhimi, hokimlarda so‘kish va haqorat qilish huquqi yo‘q, avval ham bo‘lmagan.
LiveBarchasi