Shoygu yana aldayaptimi? Ukraina urushda nimalarni yo‘qotdi?
Olam
−
03 iyul 2023
12834Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu joriy yilning 4 iyun kunidan beri Ukraina Qurolli Kuchlarining frontdagi yo‘qotishlari haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, Ukraina uchun Polsha va Portugaliya tomonidan yetkazib berilgan hamma Leopard tanklari yo‘q qilingan.
Shoyguning da’vo qilishicha, Ukraina qo‘shinlari so‘nggi bir oyning ichida 2,5 mingga yaqin turli qurollarini yo‘qotgan. Bu davrda Rossiya Qurolli Kuchlari Janubiy Donetsk, Zaparoje va Donetsk yo‘nalishlarida 15 ta samolyot, 3 ta vertolyot va 920 ta zirhli texnikani yo‘q qilgani ta’kidlangan.
Shuningdek, rossiyalik harbiylar tomonidan 158 ta HIMARS raketasi, 25 ta Storm Shadow qanotli raketasi va 386 ta dron urib tushirilgani aytilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, Ukraina Qurolli Kuchlariga Portugaliya va Polsha tomonidan yetkazib berilgan barcha Leopard tanklari (16 ta) yo‘q qilingan.
Aytish joizki, ko‘p hollarda Rossiya Mudofaa vazirligi taqdim etadigan statistikalar Ukraina tomoninikidan farq qiladi.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtga qadar yettita g‘arb davlati (Germaniya, Shvetsiya, Polsha, Ispaniya, Niderlandiya, Portugaliya va Kanada) tomonidan 60 ga yaqin Leopard tanklari Ukrainaga yuborilgan. Bundan 18 ta tank Germaniya tomonidan ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya shu yil yakuniga qadar Ukrainaga yuboriladigan Leopard tanklari miqdorini oshirishi va ularning umumiy soni 100 dan ortishini ma’lum qilgandi. Kiyev esa undan yetkazib beriladigan tanklar miqdorini uch baravarga oshirishni so‘ragandi.
Iyun oyi o‘rtalarida esa Rossiya Qurolli Kuchlari harbiysiga Leopard tankini yo‘q qilgani uchun million rubl mukofot berilgandi. Oldinroq Rossiya harbiylari yo‘q qildik deb o‘ylagan Leopard tanki aslida kombayn bo‘lib chiqqani xabar qilingan.
Shuningdek, yaqinda “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojin mamlakat Mudofaa vaziri Sergey Shoyguni har kuni yo‘q qilinayotgan 60 talab Leopard tanklari va uch mingga yaqin dushman askarlari haqidagi yolg‘on hisobotlar bilan Putin va butun Rossiya jamoatchiligini aldayotganlikda ayblagandi.
LiveBarchasi