Ukrainaga qarshi jang qilayotgan Rossiya askarlarining maoshi ochiqlandi
Olam
−
20 dekabr 2023
28194Rossiyada shartnoma bo‘yicha urushga jalb qilingan harbiy xizmatchilar, ko‘ngillilar va safarbar etilganlar oyiga 210 ming rubl va undan ko‘proq maosh oladi. Bu haqda kecha, 19 dekabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ma’lum qildi.
Mudofaa vazirining aytishicha, Rossiya askarlariga to‘lanadigan pul ularning jangovar topshiriqlarni bajarishi va yangi lavozimiga qarab ham oshib borishi mumkin. Jumladan, Ukraina qurollari va harbiy texnikasini yo‘q qilish yoki tortib olish uchun ham alohida to‘lov amalga oshiriladi.
“Barcha to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanadi. Maosh masalasi alohida nazoratga olingan, kechikishlar yoki biror xatolik bo‘lsa, darrov chora ko‘riladi”, deydi Shoygu.
Bundan tashqari, vazir joriy yilda armiyaga 490 mingga yaqin harbiy xizmatchilar va ko‘ngillilar shartnoma bo‘yicha, 4 mingdan ortiq talaba o‘z xohishi bilan qo‘shilgani va xorijliklar soni ham yetti baravar oshganini aytgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina allaqachon shu paytgacha 383 ming harbiysini yo‘qotgan. Negadir rossiyalik mulozim mamlakatining yo‘qotishlari haqida so‘z ochishni istamagan.
LiveBarchasi