Rossiya qo‘shinlari yo‘q qildik deb o‘ylagan tank kombayn bo‘lib chiqdi (video)
Olam
−
07 iyun 2023
23016Rossiya tomoni Ukraina Qurolli Kuchlariga qarashli “Leopard” tankini yo‘q qilganini da’vo qildi. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, “Leopard” deya namoyish etilgan texnika aslida bug‘doy o‘ruvchi kombayn bo‘lib chiqqan. Bu haqda “Business Insider” xabar berdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi yaqinda bergan bayonotida Ukrainaning yirik hujumini qaytargani hamda ilk bor Germaniyada ishlab chiqarilgan va Ukrainaga berilgan “Leopard 2” tankini yo‘q qilganini qayd etgan. Vazirlik bu “tank”ga snaryad kelib urilgani aks etgan videoni ham e’lon qilgan.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda va rus harbiy blogerlari orasida ham bu jism “Leopard 2” va hatto “tank” ekaniga ham shubhalar paydo bo‘ldi. CNA notijorat tadqiqot guruhining Samuel Bendettning aytishicha, videoda ovozi yangragan harbiylar “tank”ni nishonga olish jarayonida “Keling, sinab ko‘ramiz”, deya aytgan va har qanday jangchi Rossiyaning eng yaxshi texnikalari bilan raqobatlasha oladigan yuqori darajali tanklarni nishonga olish paytida bunday demagan bo‘lardi.
Harbiy mutaxassislarning fikriga ko‘ra, videoda namoyish qilingan texnikada “Leopard 2”da mavjud bo‘lgan asosiy xususiyatlar yo‘q. Ya’ni unda nemis tankining diametri 120 millimetrli stvoli hamda ekipaj lyuki yonida o‘rnatilgan ikkialmchi qurol – pulemyoti ham yo‘q. Katta ehtimol bilan Rossiya hujum vertolyoti yo‘q qilgani aytilgan “tank” aslida qarovsiz qoldirilgan traktor yoki oddiy bug‘doy o‘ruvchi kombayn bo‘lishi mumkin. Videodagi jism dalaning o‘rtasida harakatlanmagan holda turgani ham bu taxminni qo‘llaydi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida Germaniya Ukraina uchun 178 ta “Leopard” jo‘natishi ma’lum bo‘lgan edi. Shuningdek, mamlakat boshqa davlatlarga ham Ukraina uchun “Leopard”larni yuborishga ruxsat bergan. Hozirgacha bunday tanklardan bir qanchasi allaqachon jangovar harakatlarda qatnashmoqda.
LiveBarchasi