Shoygu Putinni aldayapti – Prigojin
Olam
−
23 iyun 2023
26397Yevgeniy Prigojin o‘zining yangi videomurojaatini e’lon qildi. Unda Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina urushining borishi haqidagi yolg‘on bayonotlar bilan Prezident Putin va butun jamoatchilikni aldayotgani aytiladi.
Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari rossiyaliklarni tobora siqib chiqarmoqda. Shuningdek, u hech kim zaxira vositalarini bermayotgani hamda Rossiya qo‘shinida boshqaruv yo‘qligini ta’kidlagan. Prigojinning fikricha, Rossiya Mudofaa vazirligi va Bosh shtab hali ham g‘alaba qozonishga umid qilmoqda.
"Ammo boshqaruv yo‘qligi, harbiy muvaffaqiyatlar bo‘lmagani uchun Mudofaa vazirligi rahbariyati ehtiyotkorlik bilan Prezidentni aldamoqda. Biz kun bo‘yi 60 ga yaqin Leopard'lar, uch mingga yaqin dushman askarlari yo‘q qilinganini tinglaymiz. Bu mutlaqo bema’nilik", deydi u.
Prigojinning matbuot xizmati videoyozuvning faqat birinchi qismini e’lon qildi. Uning davomiyligi 30 daqiqa bo‘lib, unda deyarli butun vaqt davomida Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyatini va shaxsan uning rahbari Sergey Shoyguni tanqid qilgan.
Xususan, “Vagner” asoschisining aytishicha, Ukraina tomonidan Rossiyaga nisbatan tajovuz bo‘lmagan. Ukraina NATO bilan birgalikda Rossiyaga zarba berishni ham maqsad qilmagan. Mudofaa vazirligi Ukrainaning yaqinlashib kelayotgan hujumi haqida gapirib, jamoatchilikni ham, Rossiya Prezidentini ham aldagan. Vaholanki, Rossiyaning 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga bostirib kirishiga sabablardan biri sifatida ham uning NATO bilan birga Rossiya chegaralariga xavf solayotgani keltirilgandi.
Prigojin Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanishini “yomon rejalashtirilgan operatsiya” deb baholagan.
“Negadir bir to‘da aqlsizlar o‘zlarini shu qadar aqlli deb qaror qildilarki, Kiyevga borganlarida ularni hech kim to‘xtata olmaydi, deb o‘yladilar”, degan Prigojin.
U so‘zida davom etar ekan, urushning dastlabki kunlaridanoq jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlaydi. Jumladan, Mudofaa vaziri Sergey Shoyguni “minglab odamlar – armiyaning eng jangovar qismini yo‘qotgan”likda ayblaydi. 2022 yilning mart oyi o‘rtalariga kelib esa Shoygu allaqachon bu vaziyatdan qanday chiqib ketish haqida bosh qotirganini eslaydi. “Vagner” asoschisi Shoyguni o‘n minglab yigitlarning o‘limiga sababchi bo‘lgani uchun sudga tortilishi kerak, deb hisoblagan.
Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, urush "bir guruh mavjudotlar shunchaki g‘alaba qozonishlari va o‘zlarini ko‘rsatishlari" uchun kerak edi.
“Mudofaa vaziriga marshal unvoni va Rossiya Qahramonining ikkinchi yulduzi berish to‘g‘risidagi farmon allaqachon tayyorlangan. Hammasi faqat bir kishi, ruhiy kasal bo‘lgan bir odam tobutda yotganida, bu yulduzni yostiqda olib kelishlari uchun kerak", dedi u.
Bundan tashqari, Prigojinning aytishicha, urush faqat hozirda Rossiyani amalda boshqarayotgan oligarxlar klaniga kerak. Prigojin bu odamlar o‘zlaridan boshqa hech kimni o‘ylamasligi, oligarxlar buning uchun Kiyevga maxsus qaytib kelgan Viktor Medvedchukni Ukraina prezidenti qilmoqchi bo‘lganini ta’kidlagan.U Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarda aktivlar bo‘linishini qo‘shimcha qilgan.
"Bizning rus xalqini xafa qilganlar bilan olib borgan muqaddas urushimiz reketlikka, kalamushbozlikka aylandi", deydi Prigojin.
LiveBarchasi