Shoygu Shimoliy Koreyadan qurol sotib olishni rejalashtiryapti – Blinken
Olam
−
29 iyul 2023
7783Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Shimoliy Koreyaga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakatdan qurol sotib olishni maqsad qilgan. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 29 iyul kuni Avstraliyaga tashrifi chog‘ida gapirdi.
Qayd etilishicha, Vashingtonda Shoygu Shimoliy Koreyaga Rossiya uchun qurol sotib olishga borganiga ishoniladi. Blinkenning aytishicha, u Shoygu ushbu mamlakatga “shunchaki dam olish uchun” safar qilganiga ishonmaydi.
“Biz Rossiya Ukrainaga tajovuzini davom ettirishi uchun qo‘llab-quvvatlovga, qurol-yarog‘ga, qayerdan topsa ham, juda muhtoj ekanini ko‘rib turibmiz”, deydi u. Blinkenning ta’kidlashicha, bu yerda gap nafaqat Shimoliy Koreya haqida, balki Rossiyaga Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasini yo‘q qilish uchun dronlar yetkazib bergan Eron haqida ham ketmoqda.
Ma’lumot uchun, Sergey Shoygu joriy yilning 26 iyul kuni Koreya urushi tugaganining 70 yilligini nishonlash uchun Pxenyanga tashrif buyurdi. Tashrifi davomida u Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan ham uchrashdi. Ular birgalikda qurol-yarog‘ ko‘rgazmasini tomosha qildi. Shimoliy Koreya matbuotida hatto, Shoygu ushbu mamlakat armiyasini “dunyoda eng kuchlisi” deb atagani haqidagi xabarlar ham paydo bo‘ldi.
LiveBarchasi