Kim Chen In Shoyguga yangi dronlarini “ko‘z-ko‘z qildi”
Olam
−
27 iyul 2023
15532Kecha, 26 iyul kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyanda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu boshchiligidagi Rossiya harbiy delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, Rossiya Mudofaa vaziri Kim Chen Inga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning shaxsiy murojaatini topshirgan. Shimoliy Koreya rahbari esa yetkazilgan xabar uchun minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Shoygu va Kim Chen In o‘zaro sovg‘alarni almashgan.
Manbaga ko‘ra, tomonlar milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalari yuzasidan fikr almashgan. Ikki tomonning muhokama qilingan masalalar bo‘yicha baholari bir-biriga to‘g‘ri kelgan.
Kim Chen In va Shoygu Pxenyanda bo‘lib o‘tayotgan 2023 yilgi qurol-yarog‘ ko‘rgazmasiga ham borgan. Ular birgalikda zamonaviy qurollarni ko‘zdan kechirgan, jahon tendensiyalari va qurollarni rivojlantirish strategiyalarini muhokama qilgan. Sergey Shoygu bilan suhbat chog‘ida Kim Chen In “imperialistlarning zo‘ravonliklari va o‘zboshimchaliklari”ga qarshi kurashda tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan o‘z fikrini bildirgan. KXDR yetakchisi “Rossiya armiyasi va xalqi kuchli davlat barpo etish yo‘lidagi kurashda katta muvaffaqiyatlarga erishishiga” ishonch bildirgan.
Bundan tashqari, Kim Chen In Rossiya Mudofaa vaziriga eng so‘nggi uchuvchisiz samolyotlar va qit’alararo ballistik raketalarni ko‘rsatgan. Buni Markaziy telegraf agentligi tomonidan chop etilgan fotosuratlar tasdiqlaydi. Tasvirlarda ilgari hech qayerda ko‘rilmagan kamida ikkita uchuvchisiz samolyot aks etgan. Ularning tashqi dizayni Amerikaning MQ-9 Reaper va Global Hawk razvedkachi droniga o‘xshash. Fotosuratlarda, shuningdek, KXDR joriy yilning aprel va iyul oylarida sinovdan o‘tkazgan “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasi va qattiq yonilg‘i dvigateliga ega so‘nggi “Xvason-18” raketasi ham ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu boshchiligidagi delegatsiya Koreya urushidagi g‘alabasining 70 yilligini nishonlash marosimida ishtirok etish uchun KXDRda bo‘ldi. Uning safari bugun, 27 iyul kuni o‘z yakuniga yetadi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr