Shoygu KXDRga bordi. Bu nimani anglatadi?

Olam

image

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu boshchiligidagi delegatsiya Shimoliy Koreya tomonining taklifiga binoan Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga bordi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu boshchiligidagi Rossiya harbiy delegatsiyasi Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga yetib keldi”, deyiladi xabarda.

Mudofaa vazirligi Rossiya delegatsiyasini tantanali kutib olish marosimidan lavhalarni e’lon qilgan. Trapda Shoyguni KXDR Mudofaa vaziri Kan Sun Nam kutib olgan, Rossiya madhiyasi yangragan. Mudofaa boshqarmalari boshliqlari qizil gilam yo‘lagidan faxriy qorovul safi oldidan o‘tgan.

Rossiya tomoni koreys xalqining 1950-1953 yillardagi Koreya urushidagi g‘alabasining 70 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarida ishtirok etishi ma’lum qilingan. Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu tashrif Rossiya-Shimoliy Koreya harbiy aloqalarini mustahkamlashga yordam berishini ta’kidlagan.

Ko‘plab tahlilchilar Shoyguning mazkur safaridan nimalar ko‘zlanganini taxmin qilmoqda. Xususan, siyosatshunos Sergey Markov Rossiya armiyasi urishayotgan bir paytda Mudofaa vaziri frontdan uzoqqa borib nimalarga erishishi mumkinligiga e’tibor qaratgan. Uning aytishicha, Rossiya KXDRda to‘plangan ulkan snaryadlar va arzon raketalarning bir qismini olishi, Ukrainadagi urushda KXDR armiyasidan o‘n minglab ko‘ngillilar ishtirok etishi mumkinligi, Shimoliy Koreyadan yuz minglab quruvchilar harbiy sapyor operatsiyalarida va sobiq yangi hududlarni tiklashda qatnashishi mumkin.
Buning evaziga esa Rossiya KXDRga juda zarur bo‘lgan oziq-ovqat va harbiy texnologiya berishi, Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalardan chiqishga ko‘maklashishi mumkin. 

Ma’lumot uchun, Koreya yetakchisi Kim Chen In va uning singlisi Kim Yo Chjon Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Koreya urushidagi g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarida qatnashish uchun Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Li Xunchjong boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi ham KXDRga yo‘l olgani aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shimoliy Koreya Sergey Shoygu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing