Shomurodovning sobiq jamoadoshi dron hujumi tufayli Moskvani tark etdi
Sport
−
10 avgust 2023
8702Rossiyaning “Dinamo” futbol klubida ijara asosida to‘p tepgan norvegiyalik yarim himoyachi Matias Normann Moskvaga qilingan dron hujumlari sababli klubi bilan shartnomasini bekor qilib, Rossiyani tark etdi. Bu haqda “Dinamo” bosh direktori Pavel Pivovarov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Dinamo”ga sotib olish huquqi bilan bir yilga ijaraga berilgan “Rostov” a’zosi ikkala klub bilan ham shartnomani bekor qilingan. Endilikda uning bu qaroridan norozi bo‘lgan “Dinamo” klubi futbolchini sudga berish haqida o‘ylamoqda.
“Normann “Rostov” va “Dinamo” klublariga shartnomani bekor qilish haqida bayonot yubordi. U Moskva shahridagi dron bilan bog‘liq vaziyat tufayli mamlakatni tark etdi. Biz uning pozitsiyasiga rozi emasmiz, hakamlik sudiga murojaat qilamiz. Biz o‘z manfaatlarimizni himoya qilamiz”, deydi Pivovarov.
Ma’lumot uchun, Matias Normann faoliyati davomida Norvegiyaning “Budyo-Glimt”, “Molde”, “Svolver”, “Lufuten”, “Alta”, Angliyaning “Brayton” va “Norvich Siti” kabi jamoalari sharafini himoya qilgan. U 2019 yilda Rossiyaning “Rostov” klubiga ko‘chib o‘tgan va bu yerda o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov bilan jamoadosh bo‘lgan. Klub bilan shartnomasini 2024 yilga qadar uzaytirgan futbolchi 2022 yilning yozida “Dinamo”ga ijaraga berilgan. Normann Moskva klubida hozirgacha 18 ta o‘yinda maydonga tushishga ulgurgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun 10 avgust kuni Moskva shahri 10 kun ichida ketma-ket to‘rtinchi bor dronlar hujumiga uchradi. Bungacha 24, 28, 30 iyul va 1, 6, 9 avgust kunlari ham Rossiya poytaxtiga dronlar yordamida hujum uyushtirilgan edi.