O‘zbekiston TIV Makkaga qilingan dron hujumini qat’iyan qoraladi
Jamiyat
−
15:30 1293 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni podshohligidagi muqaddas Makka shahriga yo‘naltirilgan uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanilgan hujumga urinishni qat’iyan qoralaydi. Bu haqda vazirlik bayonot e’lon qildi.
“Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan to‘liq birdamligimizni bildiramiz hamda muqaddas qadamjolar, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga tahdid soluvchi har qanday harakatlarni nomaqbul deb hisoblaymiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, vazirlik barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlik namoyon etishga, xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilishga, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirgan.
“Keskinlikni kamaytirish, mojaroning yanada tarqalishining oldini olish hamda mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni havo mudofaasi Makka shahriga yaqin hududda husiylarga tegishli dronni shahar ustidan parvoz qilish taqiqlangan hududga kirishidan oldin urib tushirgani haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi