Shimoliy Koreya ballistik raketa uchirilishini “o‘t ochish hujumi” deb atadi
Olam
−
09:58 1172 2 daqiqa
Shimoliy Koreya avval xabar qilingan qisqa masofali ballistik raketa uchirilishlari artilleriya va raketa bo‘linmalari ishtirokidagi jonli o‘q otish mashg‘ulotlari doirasida amalga oshirilganini bildirdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi (KCNA) xabar berdi.
Agentlikka ko‘ra, mashg‘ulotda armiyaning 5 ta bo‘linmasi ishtirok etgan. Unda zarba beruvchi dronlar, taktik qanotli va ballistik raketalar, shuningdek, yirik kalibrli ko‘p stvolli reaktiv tizimlar qo‘llangan.
Shimoliy Koreya mashg‘ulotni “qo‘shma o‘t ochish hujumi” deb atagan. Uning maqsadi harbiylarning ruhiy holatini mustahkamlash va jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish bo‘lgan.
Janubiy Koreya harbiylari avvalroq Shimoliy Koreya sharqiy dengiz tomon bir nechta qisqa masofali ballistik raketa uchirganini ma’lum qilgandi. Raketalar qariyb 250 kilometr masofani bosib o‘tgan.
Mashg‘ulotlar Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya ishtirokidagi 5 kunlik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar yakunlanganidan keyin o‘tkazilgan. Ushbu mashg‘ulotlar Shimoliy Koreyaning raketa va boshqa harbiy tahdidlariga qarshi tayyorgarlikni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan.
Kyonnam universiteti professori Im Il Chxulning fikricha, mashg‘ulot Shimoliy Koreyaning turli qurol tizimlarini yagona qo‘mondonlik ostida muvofiqlashtirib, kompleks zarba berish imkoniyatini namoyish etgan.
Ma’lumot uchun, bu Shimoliy Koreyaning 2026 yilda ballistik raketalar bilan bog‘liq qayd etilgan 13-faoliyati bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Pentagonga Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni “sezilarli darajada qisqartirish”ni buyurgandi.
Live
BarchasiIsroil droni G‘azoda avtomobilga zarba berdi
13 sentabr