Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Jamiyat
−
19 avgust 2023
5290Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahriga borgach, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dastlab Viktor Orban Shavkat Mirziyoyevga Vengriyaning milliy bayrami – avliyo Ishtvan kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda hamda shu kunlarda Vengriya poytaxtida o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatining erkaklar o‘rtasidagi yugurish musobaqalari finalida shaxsan ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
O‘zbekiston yetakchisi ham o‘z navbatida, Vengriya hukumati va xalqini milliy ayyomi bilan qutlagan. Budapeshtda o‘tkazilayotgan jahon birinchiligi ushbu mamlakat sport sohasida boy an’analarga egaligi va keyingi yillarda bu borada yuksak muvaffaqiyatlarga erishayotganining dalolati ekanini alohida aytib o‘tgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Unda amaliy hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan. Oliy darajadagi kelishuvlar samarali amalga oshirilmoqda, parlamentlar, hukumatlar, idoralar va hududiy ma’muriyatlar o‘rtasida sermahsul aloqalar yo‘lga qo‘yilgani ytilgan.
Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi ortib borayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yetakchi korxonalar kooperatsiyasi kuchayayotgani yuksak baholangan.
Vengriyaning OTP banki O‘zbekiston bank-moliya bozoriga kirib kelgani strategik ahamiyatga ega ekani hamda Yevropa biznesi uchun muhim ishora bo‘lgani e’tirof etilgan.
Bundan tashqari, Vengriyaning Bonafarm, Gedeon Richter, Meditop, Wizz Air kabi yirik kompaniyalari O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik loyihalarida faol qatnashmoqda.
Madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma dasturlarni yanada ilgari surish muhimligi qayd etilgan.
Joriy yil 20 avgust kunidan boshlab Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladigan muhim voqea bo‘lishi ta’kidlangan.
Mintaqaviy, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin va konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga kelishib olingan.